Samarqandda yilning birinchi yarmida giyohvandlik bilan bogʻliq 252 ta jinoiy holat aniqlandi
Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha mintaqaviy komissiyasi yigʻilishida qayd etildi.
Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha mintaqaviy komissiyasi yigʻilishida qayd etildi.
Viloyatda giyohvand moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish yoʻnalishida mintaqaviy komissiya hamda huquqni muhofaza qilish organlar hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida aniqlangan jinoiy holatlar davomida 9 kilogramm 382 gramm giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan. Oʻtgan yilning shu davrida esa 149 holatda 54 kilogramm 964 gramm “zahri qotil”ning noqonuniy aylanishi oldi olingan. Bu yil jinoyatlar soni koʻp boʻlsada giyohvandlik moddalari ancha kamayganligini koʻrish mumkin.
Jinoyatni sodir etgan 135 nafar shaxs orasida uch nafar ayollar, 40 nafar yoshlarning borligi juda achinarlidir. Bundan tashqari, ushbu turdagi jinoyatlari uchun muqaddam sudlangan, belgilangan tartibda jazo olgan boʻlsada 12 nafar shaxs bundan oʻziga xulosa qilmay, yana shu yoʻlga kirgan.
Kattaqoʻrgʻonlik D.Yadgorov ana shunday kimsalardan chiqib qoldi. U avval ham giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilgani uchun bir necha bor sudlangan. Soʻngi bor belgilangan jazodan muddatidan oldin shartli ozod qilingan ham. Afsuski, D.Yadgorov bu bagʻrikenglik, kechirimlilikni imtiyoz deb tushundimi, yana giyohvand moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash bilan shugʻullandi. Bu gal endi jazo ham qatʼiy boʻladi.
Bundan tashqari, “Qoradori-2020” keng qamrovli tadbirining joriy yil 1-maydan 30-iyunga qadar oʻtkazilgan birinchi bosqichida viloyat IIB tomonidan viloyat hududida narkotik moddalar bilan bogʻliq 81 holat aniqlangan. Ushbu holatlarning 34 tasi tarkibida giyohvand moddalar boʻlgan oʻsimliklarni ekish bilan bogʻliq. Jinoyatchilardan 1 kilogramm 489 gramm giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida olingan.