Samarqandda Xitoy tibbiyot klinikasi bilan hamkorlikda tibbiy markaz tashkil etiladi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida Xitoy tibbiyot klinikasi vakillari Van Jang Xua va Sui Tong Shi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Universitet rektori, professor Jasur Rizayev Samarqand davlat tibbiyot universiteti va uning qoshidagi klinikalar faoliyati, ta’lim muassasasidagi o‘quv jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, oliygohning xorijdagi nufuzli universitetlar va tibbiy muassasalar bilan hamkorligi, buning samaralari haqida so‘z yuritildi.

Xitoy tibbiyot klinikasi vakillari sohadagi ko‘p yillik tajribalari va erishgan yutuqlari hamda Xitoyda qo‘llanilayotgan eng zamonaviy tashxis va davolash usullari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda Samarqand shahrida quloq, burun va tomoq (LOR) kasalliklariga ixtisoslashgan zamonaviy klinika tashkil etish niyatida ekanliklarini bildirishdi. Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev bilan uchrashuvda ham bu taklifni bildirganliklari va tashabbus qo‘llab-quvvatlanganini qayd etishdi.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Xitoy tomoni 5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritishga tayyorligi ma’lum qilindi.
Uchrashuvda shu va boshqa loyihalarni tezroq hayotga tatbiq etish, hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri