Samarqandda xalqaro avtovokzal qurilmoqda
Samarqand shahrining Cho‘ponota tepaligi hududida kuniga yuzdan ortiq avtobus, 200 ta mikroavtobus va 300 ta yengil avtomobil harakatlanadigan yirik xalqaro avtovokzal bunyod etilmoqda.
A-37 avtomagistrali yo‘li yoqasida joylashgan mazkur ob’ektning umumiy maydoni 6 gektarni tashkil etadi. Majmuada kutish zali, kassa va umumiy ovqatlanish nuqtalari, tibbiy yordam punkti, ko‘ngilochar maskanlar va boshqa savdo va maishiy xizmat shoxobchalarini o‘z ichiga olgan uch qavatli avtovokzal, mehmonxona, avtobuslar, mikroavtobus va avtomobillar uchun to‘xtash joylari, yo‘nalishsiz taksi zonalari, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish maskanlari bunyod etilmoqda.


– Loyihaning umumiy qiymati 135 milliard so‘mni tashkil etadi, – deydi loyiha tashabbuskori – “SXF Camping” MCHJ ish boshqaruvchisi Shohrux Rafiyev. – O‘tgan yil boshlangan qurilish ishlarini joriy yilda yakunlash rejalashtirilgan. Yangi avtovokzal Samarqandni O‘zbekistonning barcha hududlari bilan bog‘laydi. Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlarga ham avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Mazkur ob’ektning qurilishi Samarqand viloyati tumanlari va shaharlararo yo‘nalishlardagi transport vositalarining shaharga kirmasdan avtovokzalgacha qatnovini ta’minlab, Samarqand shahrida transport vositalari harakatini tartibga solish, tirbandliklarning oldini olishga yordam beradi. E’tiborlisi, majmuada 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
“SXF Camping” kelgusida O‘zbekiston bo‘ylab 12 ta avtovokzaldan iborat tarmoq qurishni rejalashtirgan.




G‘.HASANOV, O‘zA