Samarqandda V Milliy kasblar chempionati boshlandi
Samarqandda “Worldskills Samarkand-2025” V Milliy kasblar chempionati o‘tkazilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Worldskills Uzbekistan” ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan musobaqada respublikamizning barcha viloyatlaridan 146 nafar ishtirokchi 4 ta kasb (hamshiralik ishi, santexnika texnologiyasi, payvandlash texnologiyasi hamda elektromontaj) bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda.
Jumladan, elektromontaj yo‘nalishida 14 nafar, payvandlash texnologiyasi yo‘nalishida 15 nafar, santexnika texnologiyasi yo‘nalishida 14 nafar, tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik (hashiralik ishi) yo‘nalishida 25 nafar ishtirokchi g‘oliblik uchun bellashmoqda.
[gallery-21492]
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tizimda yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil qilindi, – deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i O‘tkirjon Alijonov. – Farmonda kasblar bo‘yicha, ya’ni "Worldskills" musobaqalarini o‘tkazish, texnikum o‘quvchilarini xalqaro musobaqalarga tayyorlash va ishtirokini ta’minlash borasida aniq vazifalar belgilangan. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Worldskills Samarkand-2025” V Milliy kasblar chempionati o‘tkazilmoqda. Unda yurtimizdagi 66 ta texnikumning eng mohir o‘quvchilari ishtirok etmoqda. Maqsad eng mahoratli mutaxassislarni aniqlab, ularni rag‘batlantirish hamda Tayvanda o‘tadigan xalqaro musobaqaga munosib nomzodni aniqlashdan iborat. Shuningdek, musobaqa davomida o‘qituvchilar uchun ham alohida forum tashkil qilinib, faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha fikr almashiladi.
Chempionatda 17-22 yoshli, “Worldskills ekspertligi sertifikati”ga o‘qigan yoshlar ishtirok etishi mumkin.
Musobaqa nizomiga muvofiq, musobaqada 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar joriy yilning 23-27 noyabr kunlari Tayvanda tashkil etiladigan “WorldSkills Asia Competition Taipei 2025” xalqaro kasblar chempionatida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular xalqaro musobaqaga 4 oy qolganda so‘nggi sinovdan o‘tkaziladi va eng kuchli bir nafar ishtirokchi xalqaro musobaqada ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
– Pastdarg‘om tumanidagi 4-politexnikumda o‘qiyman, – deydi musobaqaning payvandlash texnologiyasi yo‘nalishi ishtirokchisi Asadbek Abdunabiyev. – Ushbu kasb bo‘yicha o‘qish bilan birgalikda nemis tilini ham o‘rganyapman. Kasblar chempionatida qatnashib, o‘z imkoniyatlarimni yana bir bor sinovdan o‘tkazyapman. Kelgusida xorijga chiqib, mehnat qilishni maqsad qilganman.
“Worldskills Samarkand-2025” V Milliy kasblar chempionati 31 yanvar kuni yakunlanadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari