Samarqandda Turkiyaning Bosh konsulxonasi ish boshladi
O‘tgan yili qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga asosan Turkiya Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsulxonasi ochilishi ma’lum qilingan edi.
Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, hamkorlik aloqlarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik har bir sohada ko‘zga tashlanmoqda.
Bosh konsulxonaning ochilish marosimida ishtirok etgan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda Turkiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi O‘lg‘an Bekar so‘zga chiqib, o‘zbek va turk xalqlarining ildizi bir ekanligini ta’kidlab, ikki mamlakatning o‘zaro do‘stlik va hamkorlik aloqlari tarixan chambarchas bog‘liq ekanligini e’tirof etdi.
Jumladan, Mavlud Chavusho‘g‘li O‘zbekistonda tashkil etilgan Bosh konsulxona xorijiy davlatlar ichida dastlabkilardan biri ekanligini qayd etdi. Bu konsulxonada Turkiyaning mamlakatimizdagi fuqarolari bilan birga yurtdoshlarimizga xizmat ko‘rsatadi.
Tashqi ishlar vaziri A. Komilov ham qardosh Turkiya davlati bilan aloqalarimiz tobora mustahkamlanib borayotganligini ta’kidlab, yurtimizda elchixonasi va Bosh konsulxonasi tashkil qilgan ilk davlatlardan biri ekanligini e’tirof etdi. Shuningdek, Tashki ishlar vaziri mazkur konsulxona o‘zaro hamkorligimizni yangi bosqichga chiqishiga, madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy, turizm va hududlararo munosabatlarimizning istiqboliga xizmat qiladi, deya ta’kidladi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li hamda Turkiyaning Favqulodda va muxtor elchisi O‘lg‘an Bekar ishtirokida Bosh konsulxona rasman ochildi.
– Bosh konsulxonamizning muqaddas Samarqandda tashkil etilganligi ham alohida ahamiyatga ega, – dedi OAVga intervyu bergan Mavlud Chavusho‘g‘li. – Chunki qadimda ham Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan Samarqand ilm-fan, madaniyat markazi sifatida butun dunyoga ziyo taratgan. Bizning Bosh konsulxonamiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stligimizning boqiyligiga, hamkorligimizning rivojiga xizmat qiladi. Ana shu ezgu maqsadda bu muqaddas zaminni tanladik. Biz Samarqandga kelishdan avval Xorazm va Buxoro shaharlarini ziyorat qilib keldik. O‘zbekiston bizning ota yurtimiz ekanligini alohida ta’kidlayman. Bu zamin dunyo ilm-faniga beshik bo‘lgan muqaddas yurt. Beruniylar, Xorazmiylar, Farg‘oniylarni kamolga yetkazgan. Dinimiz asoschilari Buxoriy, Moturidiy, Termiziy, Naqshbandiylarni dunyoga keltirib, yo‘limizni yoritgan bebaho zamin. Shunday ekan, ota yurtimiz bilan munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratamiz. Xabaringiz bor, Samarqanddan Turkiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviyareyslar tashkil qilingan. Bu ham xalqlarimiz yaqinligiga xizmat qilmoqda. Turk aviakompaniyalari ayni paytda Buxoroga xuddi shunday reyslarni tashkil etish ustida ish olib bormoqda. Tashrif davomida poytaxtda o‘tadigan uchrashuvlarimizda qator strategik kelishuvlar bo‘yicha o‘zaro fikrlashamiz.
Mehmonlar tashrif davomida Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA