Samarqandda turizmni mintaqaviy integratsiya drayveri sifatida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot bankining yillik yig‘ilishi turizm sohasi mintaqaviy rivojlanishni harakatga keltiruvchi asosiy kuch ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasidagi sessiya mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi, institutsional bosqichga olib chiqish zaruratini kun tartibiga qo‘ydi.

Sessiya davomida taqdim etilgan “Markaziy Osiyo turizm halqasi” ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi. Bu oddiy loyiha emas, balki mintaqaviy hamkorlikning amaliy ko‘rinishi.
O‘zbekistonning ushbu yondashuvi CARYeC doirasida iqtisodiy kooperatsiyani kuchaytirishning eng samarali vositasi sifatida e’tirof etildi. Bu strategiya mamlakatlar o‘rtasidagi raqobatni hamkorlikka almashtirishni ko‘zda tutadi.

Turizm iqtisodiyotning tarmoqlararo bog‘liqligini ta’minlovchi yo‘nalish. Uning rivojlanishi qurilish, transport, xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilik kabi o‘nlab turdosh sohalarning o‘sishiga turtki beradi.
Markaziy Osiyoning yagona turistik brend sifatida shakllanishi nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Dildora DO‘SMATOVA , O‘zA