Samarqandda “Silk road bazaar” milliy hunarmandchilik va savdo festivali oʻtkazildi
Xalqaro sayyohlik kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda nafaqat Samarqand viloyati, balki mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan usta-hunarmandlar oʻz mahsulotlarini namoyish etdi.
Xalqaro sayyohlik kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda nafaqat Samarqand viloyati, balki mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan usta-hunarmandlar oʻz mahsulotlarini namoyish etdi.
– Ota-bobolarimiz pichoqchilik bilan shugʻullanib, bu hunarni sanʼat darajasiga koʻtargan, – deydi namanganlik pichoqchi usta Odiljon Karimov. – Men yettinchi avlod vakiliman. Pichoqlarimiz asosan poʻlatdan yasaladi. Ularni sifati va foydalanilgan xomashyosiga qarab, baholaymiz.
Festivalda Samarqandning betakror kashtalari, Margʻilon adraslari, Buxoroning zarchoponlari, kulolchilik mahsulotlari xorijlik mehmonlarning eʼtiborini tortdi.
– Samarqand nafaqat oʻzining tarixiy obidalari, balki hunarmandchilik mahsulotlari bilan ham qadimiy shahar hisoblanadi, - deydi meksikalik sayyoh Laura Anlle. – Menga ayniqsa, qoʻlda tikilgan kashtalar yoqdi. Ularning chizmalari oʻziga xosligi bilan ajralib turibdi.
Bu yil Samarqandda ikkinchi bor oʻtkazilgan “Silk road bazaar” (“Ipak yoʻli bozori”) festivalida dunyoga mashhur Samarqand nonlari, sharq shirinliklari, serquyosh yurtimizda yetishtirilgan turli xil meva va poliz mahsulotlari savdo yarmarkalarini mahalliy va xorijlik sayyohlar hayrat bilan tomosha qildi, xaridlarni amalga oshirdi.
Viloyatdagi folklor etnografik jamoalar tomonidan badiiy dasturlar, teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etildi.
Tadbir doirasida viloyatda turizmni rivojlantirishga hissa qoʻshayotgan va mazkur sohada faol ish olib borayotgan sayyohlik firma va kompaniyalar, hamkorlik tashkilotlar vakillari, hunarmandlar Samarqand viloyati hokimligi hamda turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan munosib taqdirlandi.