Bugungi kunda Samarqand viloyatida 492 ming 700 dan ortiq avtomototransport vositasi, jumladan, 437 mingta yengil avtomobil ro‘yxatga olingan. Bu to‘rt milliondan ortiq viloyat aholisi uchun kam emas va raqam yildan-yilga oshib bormoqda. Shu bilan birga yo‘llardagi tirbandlik ham tobora kuchaymoqda. Aholi nufusining oshishi, shaxsiy ulov sotib olish imkoniyatlari kengayib borayotgani va boshqa omillar hisobga olinib, yo‘llarni kengaytirish hamda yangi yo‘llar, ko‘priklar qurish, harakat xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Shunga qaramay yo‘l transport hodisalari ko‘p uchramoqda.
Samarqand viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zokir Qayumovning ma’lum qilishicha, 2023 yilda viloyat bo‘yicha jami 1151 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan.
– Bu raqam 2022 yilga nisbatan 3 taga (1154-1151), o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 13 taga (278-265) kamaygan bo‘lsa-da, bunday ko‘ngilsiz holatlarning bittasi ham ko‘p, – deydi Z.Qayumov. – Chunki buning oqibatida 329 kishi vafot etgan, 974 kishi jarohatlangan. Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari ham 2022 yilga nisbatan 35 taga (233-198), ularda halok bo‘lgan bolalar soni 21 taga (52-31), tan jarohati olganlar 24 taga (193-169) kamaydi. Ammo shunday holat yuzaga kelmasa, 21 nafar bola bevaqt vafot etmasdiku?!
Tahlillarga ko‘ra, sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining 172 tasi belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, 103 tasi transport vositasi boshqaruvida uxlab qolish, 95 tasi piyodalar o‘tish joyida piyodaga yo‘l bermaslik, 89 tasi piyodalarning qoidabuzarliklari, 66 tasi svetofor va yo‘l belgilariga amal qilmaslik va 56 tasi mast holda mashina boshqarish oqibatida kelib chiqqan. Ko‘p hollarda yo‘l-transport hodisalari haftaning dam olish kunlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Albatta, profilaktika tadbirlarida va yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashda bunga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil davomida tizim xodimlari tomonidan 289 ming 413 ta qoidabuzarlik qayd etilib, 232 ming 139 ta ma’muriy bayonnoma bo‘yicha huquqbuzarlardan 67 milliard 212 million so‘m jarima undirildi. Bu qoidabuzarliklarning 127 ming 625 tasini qo‘pol qoidabuzarliklar, 4218 tasini mast holatda transport vositasini boshqarish, 16499 tasini piyodalar qoidabuzarliklari tashkil etdi.
Tezlik bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida viloyat hududidan o‘tuvchi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarida “Atlas Internasional” kompaniyasiga tegishli, tezlikni o‘lchovchi moslamalar o‘rnatilgan 10 ta avtomashina imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Ular yordamida o‘tgan yil 690 ming 592 ta qoidabuzarlik aniqlanib, qoidabuzarlardan 129 milliarnd 684 million so‘m miqdorida jarima undirildi. Muhimi, tezlikni oshirish bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari avvalgi yilga nisbatan 19 foizga kamaydi.
Bundan tashqari, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida viloyat hududidagi avtomobil yo‘llarida 3111 dona yetishmaydigan yo‘l belgisi o‘rnatildi, 102,4 kilometr piyodalar yo‘lagi va shuncha masofada velosiped yo‘lagi tashkil etildi. 53 ta joyda sun’iy notekislik yaratildi, 24 ta yangi piyodalar o‘tish joyi tashkil etildi, 41 joyda svetofor o‘rnatildi.
Yana bir e’tiborli tomoni, yo‘llarni saqlash qoidalarini buzgan hamda yo‘llarning qatnov qismida ta’mirlash ishlari olib borish jarayonida vaqtinchalik yo‘l belgilari va to‘siqlar o‘rnatib, harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmaganligi uchun 27 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Bu chora-tadbirlar yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul idora va xodimlarining xizmat vazifasi. Lekin uydan ko‘chaga chiqqan har bir shaxs, u xoh piyoda, xoh ulovda bo‘lsin, yo‘l harakati ishtirokchisi hisoblanar ekan, belgilangan qoidalarga rioya etsa, o‘z majburiyatlarini bajarsa, har birimiz manzilimizga eson-omon yetib olamiz.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri