Samarqandda o‘qish boshlandi, ammo davomat juda past
Samarqand viloyatida 13 ta oliy ta’lim, 73 ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi hamda 1255 ta umumta’lim maktabi mavjud. Joriy yilning 11 yanvar kunidan 950 ta umumta’lim maktabi, 71 ta o‘rta-maxsus ta’lim va 13 ta oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy shaklda darslar boshlanishini ma’lum qilamiz, deb xabar berdi Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.
Shuningdek, havo harorati keskin sovigan vaqtda transportda borish qiyinligi, masofa uzoqligi va zarur issiqlik bilan ta’minlash imkoniyati cheklanganligi sababli 97 ta umumta’lim va 2 ta o‘rta-maxsus ta’lim muassasasida darslar 13 yanvardan, 208 ta umumta’lim maktabida 18 yanvardan boshlanishi ma’lum qilindi.
Jumladan, Urgut tumanining Omonqo‘ton, Tersak, Uzunsoy, Choshtepa, G‘ijduvon, Terak, Mo‘minobod, Chumchuqli, Soyg‘o‘s, Chorchinor, Navbog‘ va Qoldivoyjar mahallalaridagi 16 ta maktabda o‘quv jarayoni 18 yanvardan boshlanadi.
Garchi viloyatdagi aksariyat ta’lim muassasalarida bugundan o‘qish boshlangan bo‘lsada davomat ellik foizga ham yetmagani kuzatildi. Sababi bugun tongda viloyatning ko‘pgina hududlarida havo harorati -10...-12 darajani, tog‘li va dasht hududlarda bundan ham sovuq haroratni ko‘rsatdi.
[gallery-10233]
Kecha viloyat hokimi avtomobil yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini qordan tozalash bo‘yicha mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yganidan so‘ng Samarqand shahri va tumanlar markazlaridagi yo‘llar, viloyat hududidan o‘tgan avtomagistrallar tozalandi. Ammo mahallalar, qishloq joylardagi ichki yo‘llar hali qordan tozalanmagan. Shu sababli Samarqand shahridagi ayrim maktablarda o‘quv jarayoni qay tarzda boshlanganini kuzatishga qaror qildik.
Afsuski, shahardagi bir nechta maktablarda davomat o‘ttiz foizga ham yetmaganini kuzatdik. Xususan, 2370 nafar o‘quvchi tahsil oladigan 35-maktabning kunning birinchi yarmida o‘tiladigan darslariga 300 nafarga yaqin o‘quvchi kelgan. 1500 dan ortiq o‘quvchi o‘rniga ega 30-maktab esa 200 nafar o‘quvchi bilan ta’tildan keyingi mashg‘ulotlarni boshladi. Gaz bosimi pastligidan xonalar yaxshi isitilmagan, o‘qituvchi va o‘quvchilar qishki kiyimlarda o‘tiribdi.
– Maktabimizda 2370 nafar o‘quvchi ta’lim oladi, – deydi 35-umumta’lim maktabi direktori Mashhur Niyozov. – Bugundan an’anaviy darslarni boshlash to‘g‘risidagi topshiriq bo‘yicha muassasani shay holatga keltirdik. Lekin sovuq havoda ota-onalar farzandlarini jo‘natishni xohlamadi shekilli davomat birinchi smenada 20 foizga ham yetmadi. Ikkinchi smenadagi holat ham yaxshi emas.
Shahardagi 37-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ham xuddi shunday holat. Maktab binosi issiq. Ammo, 30 nafar o‘quvchi o‘qiydigan sinfxonada eng ko‘pi bilan 8 nafar o‘quvchi darsda qatnashmoqda. Umumiy hisobda bu maktabda ham davomat 20 foiz atrofida.
Samarqand shahridagi 6-maktab 460 o‘rinli bo‘lib, unda ikki navbatda 910 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bugun birinchi navbatda 550 nafar o‘quvchidan 100 nafardan ortig‘i, ikkinchi navbatda 360 nafar o‘quvchidan 80 nafari darsga kelgan. Maktab sinfxonalari issiq, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun ham zarur sharoit mavjud.
Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalarida ham ahvol bundan yaxshi emas. Xullas, ta’til tugab o‘qishlar boshlanishi to‘g‘risidagi kecha qabul qilingan topshiriq hali ko‘pchilikka yetib bormagan yoki o‘quvchi va talabalar hozirga ob-havo sharoitida ta’lim muassasasiga yetib kelolmayapti. Ota-onalar esa tizimdagi betartiblikdan, ta’til muddati uzaytirilib, keyin yana bekor qilinganidan norozi bo‘lmoqda.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov(surat), O‘zA