Samarqandda nufuzli ekologik ko‘rgazma ish boshladi
Samarqandda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.Unda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasi xodimlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, investorlar, ekologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, ekoinnovatorlar, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori Gretel Agilar xonim so‘zga chiqib, O‘zbekistonda ikkinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazmaning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
– “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasi nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo uchun juda muhim ahamiyatga ega tadbir bo‘lib, bu mintaqa davlatlari o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amaliy hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyaviy jozibador ekologik loyihalarni ishlab chiqish, yangi qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish va uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun samarali platforma vazifasini o‘tashiga ishonamiz, – dedi Aziz Abduhakimov. – Shu bilan birga ushbu ko‘rgazma Markaziy Osiyo va jahon hamjamiyati o‘rtasida innovatsiyalar, investitsiyalar, bilim va aniq yechimlarni birlashtiruvchi “yashil” texnologik ko‘prikni yaratish yo‘lidagi muhim katalizatorga aylanadi. Chunki forumning asosiy g‘oyasi iqtisodiyotni eng ilg‘or “yashil” texnologiyalarni joriy etish orqali rivojlantirish va ayni paytda atrof-muhitni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashdan iborat.
Aziz Abduhakimov, shuningdek, o‘z so‘zida Samarqandni Markaziy Osiyoning “yashil” investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi. U shaharning ekologik diplomatiya, “yashil” moliyalashtirish va barqaror texnologiyalarni ilgari surish bo‘yicha xalqaro maydon sifatidagi roli tobora ortib borayotganini ta’kidladi.
“Eco Expo Central Asia” ko‘rgazmasi ekologik barqarorlikni mustahkamlash, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion ekologik texnologiyalarni joriy etish hamda barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
2025-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ko‘rgazmasi Markaziy Osiyodagi shu miqyosdagi ilk ekologik ko‘rgazma bo‘lgandi. Unda qariyb 7,5 ming nafar mahalliy va xorijiy ishtirokchilar qatnashgan va forum yakunlari bo‘yicha Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, BMT, YUNESKO, Yevropa Ittifoqi, GIZ va KOICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan 130 dan ortiq ekologik loyiha va dasturlar bo‘yicha kelishuvlar imzolangan edi. Joriy yil esa bu raqamlar yanada salmoqli bo‘lishi kutilmoqda. Sababi bu yilgi ko‘rgazmada 10 mingga yaqin mahalliy va xorijiy ishtirokchi qatnashmoqda, ekologik mahsulot va xizmatlarni namoyish etuvchi 70 ga yaqin pavilon tashkil etilgan. Bundan tashqari, ekoinnovatorlarning ilg‘or ishlanmalarini namoyish etish maqsadida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan taqdim etilgan startap loyihalar uchun qo‘shimcha 20 ta pavilon yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda “Business Congress Management” (BCM) kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada Global yashil o‘sish instituti, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar ishtirok etmoqda.
Shuningdek, “Vision Invest” (Saudiya Arabistoni), SUEZ (Fransiya), “Cevia Environment” (Xitoy), KOMOTO (Yaponiya), EPSOY (Finlyandiya), “Siberian Wellness” (Rossiya), “Bell Energy” (BAA) va “Oizom Instruments” (Hindiston) kabi yirik xorijiy kompaniyalar, shuningdek, yurtimizdagi Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, AKFA, Jizzax akkumulyator zavodi hamda “O‘zkimyosanoat” AJ o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etmoqda.
[gallery-29746]
Ko‘rgazmada mintaqaviy ekologik loyihalarni shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatning barcha hududlari iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan aniq loyiha takliflarini tayyorlagan. Ushbu tashabbuslar xalqaro donorlar va investorlar e’tiboriga havola etiladi.
Ko‘rgazma doirasida “yashil” energetika, chiqindilarni qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan 50 dan ortiq sayd-iventar, tematik forumlar, taqdimotlar va muloqot maydonchalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash lozimki, “Eco Expo Central Asia 2026” ko‘rgazmasi xalqaro ekologik hamkorlikni rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etish hamda ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasida ilg‘or jahon tajribalarini joriy etish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),O‘zA muxbirlari