Samarqandagi “Silk Road Samarkand” sayyohlik markazida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning “Grand Swiss 2025” xalqaro musobaqasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston nomi keyingi paytda xalqaro sport musobaqalari, jumladan, shaxmat bellashuvlarida tez-tez tilga olinmoqda. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov, Gulruhbegim Tohirjonova, Afruza Hamdamova singari sportchilarimiz Osiyo va jahon birinchiliklarida mahorat ko‘rsatib, buyuk ajdodlarimizga munosib voris ekanliklarini amalda namoyon etmoqdalar. Shaxmatchilarimiz jahon reytingida yuqori o‘rinlarga ko‘tarilib, dunyoning yetakchi grossmeystlarini aql mashqida ortda qoldirmoqda.

Yurtimizda shaxmatni rivojlantirish va keng ommalashtirishga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilayotgani, sportchilar faol qo‘llab-quvvatlanayotgani tufayli Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) bir qator musobaqalarini o‘tkazish uchun O‘zbekistonni tanlamoqda. Kelgusi yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini yurtimizda o‘tkazishga qaror qilinganini ana shu jihatlar bilan baholash mumkin. 2026 yil sentyabr oyida Samarqand mezbonlik qiladigan ushbu nufuzli sport bayrami oldidan bu yil FIDEning “Grand Swiss 2025” xalqaro musobaqasi uchun ham eng qulay joy sifatida mazkur tarixiy va boqiy shahar tanlandi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida dastlab O‘zbekiston zaminida shaxmatning tarixi va bugungi taraqqiyoti aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev so‘zga chiqib, musobaqa qatnashchilariga muvaffaqiyat tiladi. O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar e’tirof etildi.
– Prezidentimizning alohida e’tiborlari tufayli yurtimizda shaxmatni rivojlantirish va keng ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Sport vazirligi hamda shaxmat akademiyasi hamkorligida qator loyiha va dasturlar amalga oshirilmoqda, – deydi A.Sa’dullayev. – Mamlakatimizning turli hududlarida zamonaviy shaxmat maktablari va klublari tashkil etilmoqda. Iste’dodli sportchilarni kashf etish uchun har oy yoshlar o‘rtasida shaxmat musobaqalari o‘tkazilib, bu orqali yosh shaxmatchilar o‘z mahoratini oshirmoqda va yuqori reytingga ega xalqaro grossmeysterlardan tajriba o‘rganmoqda. “Grand Swiss” turniri nafaqat jahon darajasidagi shaxmatchilarni saralash, balki kelgusi yil yurtimizda va aynan Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan tayyorgarlik jarayonining muhim bosqichi sifatida xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, “Grand Swiss” xalqaro shaxmat federatsiyasining eng nufuzli musobaqalaridan biri bo‘lib, 2019 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinmoqda. Bu yil Samarqand mezbonligida tashkil etilgan turnirda avvalgilardan ko‘p – 39 mamlakatdan 172 nafar dunyoning eng kuchli va taniqli shaxmatchisi qatnashmoqda. Musobaqa shveysarcha tizimda 11 turdan iborat bo‘ladi. Mukofot jamg‘armasi ham oldingi turnirlardagidan bir muncha salmoqli – 855 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan ayollar musobaqasi uchun sovrin jamg‘armasi 230 ming AQSH dollari etib belgilangan.
“Grand Swiss 2025”da yurtimizdan 14 nafar shaxmatchi ishtirok etadi. Erkaklar musobaqasida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nig‘matov, Abdumalik Abdusalimov, ayollar guruhida Gulruhbegim Tohirjonova, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilova yurtimiz sharafini himoya qiladi.

– Avval ham Samarqandda bo‘lganman va bu gal amaldagi jahon chempioni sifatida “Grand Swiss 2025”da qatnashayotganimdan xursandman, – deydi klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, xalqaro grossmeyster Gukesh Domarajju. – Ko‘plab nufuzli turnirlarda ishtirok etgan bo‘lsam ham “Grand Swiss” men uchun imkoniyatlarimni yana bir bor sinovdan o‘tkazish, yuqori reytingli shaxmatchilar bilan tajriba almashish uchun qulay imkoniyat hisoblanadi. Umuman, biz Hindistondan 15 kishidan iborat jamoa bo‘lib kelganmiz va Samarqandda yuqori natija qayd etish niyatidamiz.
Marosimda ramziy qur’a tashlash tadbiri o‘tkazildi. Shuningdek, madaniy dastur namoyish etildi.
Bahslar ertaga boshlanadi va 16 sentyabrga qadar davom etadi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari