Samarqandda MIBga murojaatlar ko‘paydi
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi tizimiga o‘tgan yil 27186 ta murojaat kelib tushgan va 2021 yilga nisbatan 3139 taga oshgan. Jumladan, murojaatlar Narpay tumanida 394 taga, Paxtachida 268 taga, Qo‘shrabotda 133 taga, Bulung‘urda 127 taga ko‘paygan.
Murojaatlarning 15 ming 108 tasi qanoatlantirilgan, 10 ming 273 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan va 51 tasi rad etilgan.
– Murojaatlarning ko‘payayotgani aholining huquqiy madaniyati yuksalayotgani, ijroga qaratilayotgan hujjatlar soni oshayotgani bilan bog‘liq, – deydi Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi katta inspektori Rustam Xo‘jaqulov. – Tizimda esa fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning muammolarini hal qilish faoliyatimizning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. O‘tgan yil ko‘rib, hal etilgan murojaatlarning 25 ming 249 tasi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish masalalariga doir. Xususan, aliment undiruvlariga oid murojaatlar 19 ming 372 tani tashkil qilib, 15 mingtasi qanoatlantirilgan va undiruvchilar foydasiga 67 milliard 313 million so‘m pul mablag‘lari undirib berildi.
Xususan, fuqaro D.G.ning qarzdor Z.U.dan aliment pulini ololmayotgani yuzasidan murojaati o‘rganilganda 22 million so‘mdan ortiq qarzdorlik yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi. Natijada qarzdorga nisbatan majburiy ijro harakatlari olib borilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-(4)-moddasiga asosan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi va jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining qaroriga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, byuroning viloyatdagi boshqarma va bo‘limlariga 2022 yil davomida tadbirkorlik sub’ektlaridan 984 ta murojaat kelib tushgan va ularning 725 tasi hal qilingan, 388 tasi qanoatlantirilib, 337 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. Ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 326 ta tadbirkorlik sub’ektining huquqlari tiklangan.
Bundan tashqari, savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasida har hafta dushanba kuni viloyat hokimi boshchiligida tadbirkorlik sub’ektlari uchun o‘tkaziladigan qabulda ham MIBda tegishli murojaatlar qayd etilib, ijrosi ta’minlanmoqda.
G‘.HASANOV,
O‘zA