Samarqandda Imom Moturidiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi
I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida Samarqand shahrida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan «Imom Moturidiy merosi: mo‘’tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda 100 dan ortiq xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan moturidiyshunos olimlar, muftiylar, din ishlari bo‘yicha vazirlar, ekspertlar hamda mahalliy olim va mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi Imom Moturidiy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uning mo‘’tadillik va bag‘rikenglik tamoyillarini xalqaro ilmiy hamjamiyatda keng targ‘ib qilish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Anjumanni kirish so‘zi bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov ochib, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, moturidiylik ta’limotining bugungi kundagi ahamiyati va ushbu merosni o‘rganish hamda targ‘ib qilishga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi.
Al-Azhar ash-Sharif Bosh imomi maslahatchisi Muhammad Abdulrahmon al-Duvayniy, Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (İSAM) direktori Murtazo Bedir, Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysi shayx Nazir Muhammad Ayyod, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Malayziya Din ishlari bo‘yicha vaziri Zulkifli Hasan hamda Finlyandiya Islom jamiyati prezidenti Gulten Bedrettin ma’ruza qildi.

Notiqlar moturidiylik ta’limotining musulmon ummati taraqqiyotidagi o‘rni, uning bugungi kunda bag‘rikenglik va mo‘’tadillik muhitini mustahkamlashdagi ahamiyati, shuningdek, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan mazkur forum ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Anjumanda qayd etilganidek, Imom Moturidiy ilgari surgan bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat g‘oyalari jamiyatda diniy-ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, ahli sunna val jamoa e’tiqodi musaffoligini asrashda mustahkam g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Moturidiylik ta’limoti aql va naql uyg‘unligiga asoslangan mo‘’tadil islom tafakkurining yuksak namunasidir. Unda inson qadri, adolat, mas’uliyat, diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlar ustuvor o‘rin tutadi. Shu bois Imom Moturidiy merosi bugungi kunda ekstremizm, radikalizm va zo‘ravonlik g‘oyalariga qarshi ma’rifiy kurashning muhim poydevori sifatida e’tirof etildi.
Konferensiya yakunida Imom Moturidiy ta’limotini yanada chuqur o‘rganish va targ‘ib qilishga doir qator taklif hamda tavsiyalar ilgari surildi. Xalqaro anjuman ishtirokchilari tomonidan Deklaratsiya qabul qilindi.
Forum doirasida xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida o‘tkazilgan «Moturidiylik ta’limoti – ilm, tafakkur va bag‘rikenglik qadriyatlari orqali sivilizatsiyalarni bog‘lovchi meros» mavzusidagi xalqaro ilmiy tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, Imom Moturidiy innovatsion muzeyi loyihasi va uning ilmiy konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, Samarqand shahrida Imom Moturidiy majmuasi va unga tutash qadimiy Chokardiza qabristoni hududida yangi maqbara, zamonaviy masjid hamda ilmiy-ma’rifiy ob’ektlar barpo etilmoqda. Shuningdek, arxeologik tadqiqotlar natijasida buyuk faqih, «Hidoya» asari muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy maqbarasi aniqlanib, u ham majmua tarkibida qayta tiklanmoqda.
Taqdimotda Imom Moturidiy majmuasining muhim qismi bo‘lgan Innovatsion muzey konsepsiyasi alohida tanishtirildi. Loyiha Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi tomonidan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi taqdim etgan ilmiy manbalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, muzey ekspozitsiyalari zamonaviy dizayn, raqamli texnologiyalar va interaktiv yechimlar asosida shakllantirilmoqda.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi Ixtiyor Abdurahmonov muzeyning ilmiy konsepsiyasi va ekspozitsiya zallari mazmuni haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, muzeyda aqida va kalom ilmining shakllanish tarixi, Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining Movarounnahrdan butun islom olamiga tarqalishi, Chokardiza qabristoni tarixi hamda bugungi kunda alloma merosini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan ishlar zamonaviy multimedia texnologiyalari orqali namoyon etiladi.
Shuningdek, taqdimotda muzeyning asosiy ekspozitsiya zallari ham namoyish qilinib, aqida va kalom ilmining shakllanishi, Imom Moturidiy yashagan davr ilmiy muhiti, moturidiylik ta’limotining jahonga tarqalish tarixi, Chokardiza qabristoni hamda arxeologik topilmalar zamonaviy muzey yechimlari asosida yoritilishi ma’lum qilindi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri