Samarqandda ilk bor iqlim forumi o‘tkaziladi
Ushbu haftada dunyo nigohi yana Samarqandga qaratiladi. Sharq darvozasi bo‘lgan qadimiy kentda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Iqlim forumi o‘tkaziladi.
Ayni paytda shaharda mazkur anjumanlarga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Shahar ko‘chalari Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi bayroqlari hamda forum ramzlari bilan bezatilgan.
Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalari rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari, 80 dan ortiq davlat delegatsiyaaliri ishtirok etishi kutilmoqda. Bu hududning yashil transformatsiyasi va barqaror rivojlanishiga umumiy sadoqatni tasdiqlaydi.
Ta’kidlash lozimki, BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Markaziy Osiyo ekologik muammolar oldida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilgan. Unda O‘zbekiston Prezidentining qator tashabbuslari, jumladan, Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi va uning mintaqada barqaror rivojlanishga ko‘maklashishdagi roli alohida qayd etilgan hamda Samarqandda Xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan.
“Markaziy Osiyo global iqlim muammolariga duch kelmoqda: umumiy farovonlik uchun birlashish” mavzusi ostidagi forum ekologik barqarorlik, yashil iqtisodiy rivojlanish va iqlim barqarorligi bo‘yicha muloqotni ilgari surish uchun yuqori darajadagi platformaga aylanadi. Asosiy e’tibor mintaqaviy va xalqaro hamkorlikka qaratilgan. Iqlim forumi qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, suv resurslarini kompleks boshqarish, biologik xilma-xillikni saqlash va barqaror shahar taraqqiyoti kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ekspert panellari, yalpi sessiyalar va siyosiy muloqotlarni taklif qiladi.
Muhokamaning asosiy mavzularidan biri global miqyosdagi ekologik halokatning yaqqol namunasi bo‘lgan Orol dengizi inqirozidir. Mutaxassislar va hukumat vakillari zarar ko‘rgan hududlarda yerlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish va iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha barcha yechimlarni ko‘rib chiqadilar.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Samarqand forumining yakuniy hujjati – “Yashil” rivojlanishning mintaqaviy konsepsiyasi taqdimoti rejalashtirilgan bo‘lib, u iqlim o‘zgarishi sohasida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona mintaqaviy qarashlarini shakllantirishga asos soladi. Unda yetakchi xalqaro tashkilotlarning mintaqadagi ekologik muammolarni hal qilish borasidagi yondashuvlari bayon qilinadi.
[gallery-22605]
Xalqaro tadbirlarning yuqori saviyada o‘tkazilishi hamda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Samarqandda transport vositalari harakatlanishi qisqartirilishi va cheklanishi munosabati bilan 1–5 aprel kunlari Samarqand shahridagi yettita oliy o‘quv yurti hamda to‘rtta akademik litsey va texnikumda qisqa muddatli ta’til e’lon qilindi. Bu muassasalarda o‘quv jarayonlari 2025 yil 7 aprel, dushanba kunidan boshlanadi. Shuningdek, 3, 4 va 5 aprel kunlari viloyat hududidan tranzit o‘tuvchi transport vositalari uchun aylanma harakat tashkil etiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari