Samarqandda hokim yordamchilari qanday ishlayapti?
Samarqand viloyatida mahallabay ishlash hamda hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Samarqand viloyati mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan tadbir ishtirokchilariga dastlab shu paytgacha viloyatda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Baxriyor Rofeyevning ta’kidlashicha, yil boshidan viloyatdagi 1126 mahallada hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular tomonidan 733 mingta xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, to‘rt toifaga ajratildi.
– Birinchi toifaga daromadi kam, ishsiz a’zolari bo‘lgan, o‘z ishini boshlashga qiziqishi katta, shuningdek, daromad topishga, kasb o‘rganishga harakat qilayotgan 145 ming xonadon kiritildi, – deydi B.Rofeyev. – Doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagi bor 173 ming 800 ta xonadon ikkinchi toifada qayd etildi. Nogironligi va kasal a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj 61 ming xonadon uchinchi toifaga, iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q 353 ming 400 ta xonadon esa to‘rtinchi toifaga kiritildi. Xatlov natijalariga ko‘ra, shu paytgacha hokim yordamchilarining sa’y-harakatlari bilan mehnatga layoqatli, ishlash istagi mavjud 128 ming 836 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Xususan, 721 ming nafarga yaqin fuqaro o‘zini-o‘zi band qilishiga ko‘maklashildi, 27 ming 888 nafar fuqaroning ijara asosida yer ajratish hisobiga bandligi ta’minlandi. 16 ming 527 nafar fuqaro doimiy ish joylariga joylashtirildi. 6500 nafardan ortiq ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. Shuningdek, o‘tgan davrda bandlik boshqarmasi, savdo-sanoat palatasi, biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan 7900 nafarga yaqin ishsizlar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 12 ming nafar fuqaroga 314,4 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari uchun ijobiy xulosalar berilgan.
Yanvar-aprel oylarida auksion savdolariga qo‘yilgan 30 ming 63 ta lotdagi 6304,2 gektar yer maydonlaridan 5671,6 gektari “ye-auksion” tizimi orqali aholiga sotilgan. Hozirda bu yerlarda aholi tomonidan poliz va sabzavot ekinlari parvarishlanmoqda. Aholining qo‘shimcha daromad manbaini shakllantirish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hokim yordamchilari tomonidan yil boshidan buyon fuqarolarga 1751 ta inkubator, 644 ming bosh parranda, 656 bosh qoramol, 27993 bosh qo‘y va echki, 6790 bosh quyon, 10429 ta asalari uyasi, 349 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari tarqatildi. 1858 ta issiqxona qurib berildi.
Hokim yordamchilari ko‘magida mahallalarda 11 ming 508 ta kichik biznes sub’ekti tashkil etildi. 741 ta kichik ishlab chiqarish, 1 477 ta kichik xizmat ko‘rsatish va 90 ta ko‘p qavatli uy-joylar yerto‘lasini ijaraga berish orqali savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 340 ta tadbirkor faoliyati kengaytirilib, 204 ta korxona quvvatlari tiklandi. 93 ta bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanish uchun tashabbuskor fuqarolarga ko‘maklashish orqali tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Press-tur ishtirokchilari Samarqand shahridagi mahallalarda mahallabay ishlash tizimi asosida olib borilayotgan ishlar va hokim yordamchilari faoliyati bilan tanishdi. Jumladan, Alisher Navoiy mahallasidagi “Bibixonim ustoz” nodavlat ta’lim muassasasida bugungi kunda nafaqat ushbu mahalladagi, balki Samarqand shahri va viloyatning boshqa hududlaridan ham kam ta’minlangan hamda mahallalardagi ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turadigan xotin-qizlar kelib, kasb-hunar o‘rganmoqda.
[gallery-7646]
– O‘quv markazida opa-singillarimizga 11 yo‘nalishda kasb-hunar o‘rgatamiz, shuningdek, tadbirkorlik ko‘nikmalarini egallashiga yordam beramiz, – deydi o‘quv markazi rahbari Dilfuza G‘afforova. – Mahallalardagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlar uchun kurslarimiz bepul. Hozir ham 50 nafar tinglovchilarimizning 39 nafari ana shu imtiyozdan foydalanib, kasb-hunar o‘rganmoqda. Hokim yordamchisi Abdulla Eshqulovning aytishicha, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va bandligini ta’minlash maqsadida yil boshidan buyon mahalladagi 6 kishiga subsidiya, 8 kishiga kredit berilgan. Buning natijasida mahallada xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Xotin-qizlar o‘z xonadonida tikuvchilik, qandolat mahsulotlari va pishiriqlar tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda. Ayni paytda yana 10 kishi subsidiya va kredit so‘rab murojaat qilgan.
Shundan so‘ng jurnalist va blogerlar Samarqand tumanidagi Dehnav mahallasidagi xonadonlarda “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ko‘kat yetishtirish jarayoni bilan tanishdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shodmon Shamsiyevning ta’kidlashicha, hududdagi 328 ta xonadon tasarrufida 89 gektar tomorqa yerlari mavjud. Bu xonadonlarda 280 dan ortiq issiqxona bor va joriy yilda kredit asosida yana 3 ta issiqxona tashkil qilingan. Mahalladagi xonadonlarning barchasi yil davomida ko‘kat va sabzavot ekinlari yetishtirish bilan shug‘ullanadi va bu mahsulotni ichki bozor va xorijga sotishadi.
Ayni paytda press-tur ishtirokchilari Urgut tumani mahallalaridagi hokim yordamchilari faoliyati va mahallabay ishlash tizimi bilan yaqindan tanishmoqda.
G‘olib Hasanov,
A.ISROILOV (surat), O‘zA