Samarqandda Fransuz Alyansining vakolatxonasi ochiladi
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Fransiya Prezidentining maslahatchisi Izabel Dyumon xonim boshchiligidagi delegatsiya 4 aprel kuni Samarqandga tashrif buyurdi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
- Fransiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi, - dedi E.Turdimov.- Bu tarixan qaror topgan do‘stona munosabatlarimiz samarasidir. Samarqandga Yevropadan keladigan sayyohlarning katta qismi Fransiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Biz ushbu davlat bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga tayyormiz.
Yuqori martabali mehmon ushbu tashrif ikki davlat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Emmanuyel Makronning uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar tufayli yanada mustahkamlanganini ta’kidladi. Jumladan, Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi chog‘ida ikkita yirik ko‘rgazma ochildi. Bu Luvrda – “O‘zbekiston vohalarining ulug‘vorligi. Karvon yo‘llari chorrahasida”, Arab dunyosi institutida esa “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari" ko‘rgazmalaridir.
- Ushbu tashrifim O‘zbekiston Prezidentining o‘tgan yil noyabr oyi oxirida Parijga qilgan tashrifining mantiqiy davomidir, - dedi Izabel Dyumon. - Prezidentingiz Emmanuyel Makron bilan ajoyib uchrashuv o‘tkazdi, unda ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Fransiya Prezidenti vakili sifatida O‘zbekistonga tashrifim munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Samarqandda bo‘lish esa mening eng katta orzularimdan biri edi. Bu tarixiy shahar sivilizatsiya va madaniyat markazidir. Shuning uchun Samarqandda madaniyat va til sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz. O‘tgan yil noyabr oyida Parijda ikki davlat rahbarlari Samarqandda Fransuz Alyans assotsiatsiyasining vakolatxonasini tashkil etish masalasini muhokama qilgan edi. Tashkilotning vazifasi fransuz tili va madaniyatini butun dunyoga yoyish, madaniyatlar muloqotini rag‘batlantirishdan iborat. Tashrifimiz davomida ushbu loyihani amalga oshirishga kirishamiz.
Uchrashuvda faol siyosiy muloqotlarni davom ettirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, suv ta’minoti, transport va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda birgalikdagi loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA