Samarqandda eng yaxshi kitobxon oilaga “Spark” berildi
Ha, endi hamma joyda ham shunday tanlovlar oʻtkazilyaptiku, deyishga shoshilmang.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida aholining kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bois oʻtgan yil Samarqandda viloyat hokimligi “Eng yaxshi kitobxon mahalla”, “Eng yaxshi kitobxon maktab” va “Eng yaxshi kitobxon oila” koʻrik-tanlovini eʼlon qilgan edi.
Ha, endi hamma joyda ham shunday tanlovlar oʻtkazilyaptiku, deyishga shoshilmang. Gap shundaki, viloyat hokimi E.Turdimov eng yaxshi kitobxon maktab va mahallaga 100 million soʻmdan pul mukofoti, eng yaxshi kitobxon oilaga esa “Spark” avtomashinasi sovgʻa qilinishini aytgan edi. Oʻshanda koʻpchilik bunga ishonmagan edi. Lekin tanlov eʼlon qilinib, uning quyi bosqichlari dastlab mahallalar, soʻngra tuman va shaharlar miqyosida oʻtkazildi. Keyin eng saralanganlar viloyat bosqichida qatnashdi. Gʻoliblar nomi eʼlon qilindi. Lekin vaʼda qilingan sovgʻalar topshirilmaganda, oʻsha ishonmaganlar “men nima degandim” degandek maʼnoli kulib ham qoʻygandi.
Bugun Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyat hokimi E.Turdimov ayni paytda yurtimizda oʻtkazilayotgan yoshlar oyligi doirasida samarqandlik yigit-qizlar, bitiruvchilar bilan videokonferens-aloqa tarzida uchrashuv oʻtkazdi.
Mazkur tadbirga “Eng yaxshi kitobxon mahalla”, “Eng yaxshi kitobxon maktab” va “Eng yaxshi kitobxon oila” koʻrik-tanlovi gʻoliblari ham taklif etildi. Bino oldiga esa “Eng yaxshi kitobxon oilaga” yozuvi tushirilgan “Spark” avtomobili keltirib qoʻyildi.
Uchrashuvda dastlab Samarqand viloyatidagi umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilarining keyingi taqdiri, ularni oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishi, tadbirkorlik qilishi yoki biror bir hunar bilan shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, vazifalar haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida yoshlarning savol va takliflari eshitildi.
Bu yil viloyatdagi umumtaʼlim maktablarini 53 ming 583 nafar yoshlar bitirdi. Ularning 46 ming 800 nafari oliy oʻquv yurtlarida, 1020 nafari kollejlarda, 1167 nafari texnikumlarda oʻqish niyatida. 4596 nafar yigit-qizlar xalq xoʻjaligining turli sohalarida mehnat qilish istagini bildirmoqda. Shuningdek, oʻrta-maxsus taʼlim muassasalarining 25 ming 291 nafar bitiruvchilaridan 11 ming 251 nafari oliygohlarga hujjat topshirishi kutilayotgan boʻlsa, 10 ming 142 nafari ishga joylashish uchun tegishli korxona va tashkilotlar bilan shartnoma tuzgan. 1920 nafar bitiruvchilar tadbirkorlik qilmoqchi.
Viloyat hokimi yigit-qizlar bilan ochiqchasiga gaplashib, koʻp muammo va kamchiliklarga ular bilan birgalikda yechim topishini bildirdi. Oʻquv yilini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga viloyat hokimligining tashakkurnoma va sovgʻalari topshirildi.
“Eng yaxshi kitobxon mahalla”, “Eng yaxshi kitobxon maktab” va “Eng yaxshi kitobxon oila” koʻrik-tanlovi gʻoliblari ham taqdirlandi.
Toyloq tumanidagi “Adas” mahalla fuqarolar yigʻini “Eng yaxshi kitobxon mahalla” yoʻnalishi gʻolibi sifatida, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabi esa “Eng yaxshi kitobxon maktab” nominatsiyasida birinchi oʻrinni egallagani uchun 100 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Bino oldiga keltirib qoʻyilgan “Spark” avtomobili “Eng yaxshi kitobxon oila” – Qoʻshrabot tumanidagi Musurmonovlar oilasiga berildi. Darvoqe, shu oila aʼzosi Kamola Musurmonova joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga ham sazovor boʻlgan.
Shuningdek, tanlovda ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallaganlar ham munosib ragʻbatlantirildi.