Samarqandda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi
Samarqand eshkak eshish kanalida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo ochiq kubogi va parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi.
Samarqand eshkak eshish kanalida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo ochiq kubogi va parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi.Musobaqalarning ochilish marosimida Osiyo kanoe federatsiyasi prezidenti Shokin Narita va boshqalar O‘zbekistonda sportni ommalashtirish, zarur sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida yurtimiz sportchilarining xalqaro maydonlardagi muvaffaqiyati salmog‘i yildan-yilga oshib borayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari erishgan yutuqlar yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasi ekanligi alohida qayd etildi.
2009-2012-yillarda Samarqanddagi eshkak eshish kanali to‘liq rekonstruksiya qilindi. Bir necha bosqichda amalga oshirilgan qurilish-rekonstruksiya ishlaridan so‘ng Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu inshoot zamonaviy ko‘rinish oldi. Majmua binosida 100 o‘rinli mehmonxona, 64 o‘rinli oshxona, majlislar zali, hakamlar xonasi va boshqa yordamchi xonalar, qirg‘oqda 2 ming o‘rinli tomoshagoh qurildi. Sport inshootining start va finish chiziqlari eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy elektron tizim bilan ta’minlandi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida yurtimiz sportchilari baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlari va boshqa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Bu galgi musobaqalarda qit’amizning 14 davlatidan 200 dan ziyod sportchi qatnashmoqda.
Chempionatning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.