Samarqandda 11 million tup tut ko‘chati ekiladi
Samarqand viloyatida bugungi kunda 11 ta pillachilik klasterlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Viloyat hokimligi axborot xizmatining yozishicha, joriy yilda 54 ming 518 quti ipak qurti parvarishlanib, 3 ming 108 tonna pilla xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.
Kutilayotgan hosildorlikka erishish uchun ozuqa bazasi zarur. Korxonalar tomonidan yildan-yilga yalpi hosilni oshirib borish rejalashtirilgan. 2021 yilda 472,4 gektar maydonda tutzor barpo etildi. Samarqandlik pillakorlar “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida tut ko‘chatlari ekish va yangi tutzorlar barpo etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Har bir yirik pillachilik klasteri tomonidan biriktirilgan tumanlarda 1 million tupdan tut ko‘chatlari ekiladi. Dalada yerlarni tayyorlash imkoni tug‘ilishi bilan tut ko‘chatlarini ekish ishlari boshlab yuborilgan. Tutzorlarni barpo etish usullari va tut ko‘chatlarini ekishda amal qilinishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha Bulung‘ur tumanidagi agrofirmada tashkil etilgan seminarda fermer xo‘jaligi rahbarlari, pillachilik klasterlari va ularning kasanachilariga sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan tutchilik bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalar berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA