Samarqandda 10 kunda 860 kishida koronavirus aniqlangan
Bugun o‘tkazilgan hokimlik soatida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov viloyatda keyingi o‘n kun davomida koronavirus kasalligiga chalinganlar soni ko‘payganini ta’kidlab, aholini karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish va emlash jarayonlarida faol qatnashishga da’vat etdi.
Qayd etilishicha, viloyatda joriy yilning 1-10 iyun kunlari 233 nafar bemorda COVID-19 infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, 25 iyundan 5 iyulgacha 860 nafar fuqaro kasallikka chalingan. Jumladan, Samarqand shahrida 434 nafar, Kataqo‘rg‘on tumanida 74, Kataqo‘rg‘on shahrida 73, Samarqand tumanida 60, Pastdarg‘omda 43, Payariqda 38 kishi “tojdor” virusga yo‘liqqan.
5 iyul holatida viloyatda 524 nafar bemor (147 nafari kasallikning simptomsiz yengil shakllari bilan uy sharoitida, 377 nafari og‘ir va o‘rta og‘ir shakli bilan statsionarda) koronavirusdan davolanmoqda. Tez yordam xizmatiga aholi murojaatlari ham keskin ko‘paygan. Masalan, kasallik ko‘payishidan oldin, kuniga o‘rtacha 2000 ta chaqiriq bo‘lgan bo‘lsa, 4 iyul kuni 3424 ta chaqiriq qayd etilgan (o‘tgan yilning shu kunidagi chaqiriqlar soni 3218 ta bo‘lgan). Chaqiriqlarning aksariyati Samarkand shahri, Pastdarg‘om, Jomboy, Paxtachi va Samarkand tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, o‘tgan haftadan Samarqand viloyatida ham 18 yoshdan katta bo‘lgan aholini koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda ommaviy emlash ishlari boshlandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Samarqand viloyati boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, 5 iyul kuni viloyat bo‘yicha 14 ming 300 nafardan ortiq fuqaro emlangan.
G‘.HASANOV, O‘zA