Samarqand viloyatining olis va chekka hududlari rivojlantiriladi
“Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
2026-yil 10-iyunda qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustgacha Oqdaryo tumanida 100 gektar yer maydonida mini-tuganak ekilib, olingan 4 ming tonna super-super elita kartoshka urug‘i belgilangan tartibda dehqonlarga bepul tarqatiladi.
Bulung‘ur tumanida Xitoy Xalq Respublikasidagi hamkorlar bilan birgalikda qiymati 50 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan yiliga 100 ming bosh ishlab chiqarish quvvatiga ega naslchilik korxonasi ishga tushiriladi.
Oqdaryo, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida niderlandiyalik investorlar bilan hamkorlikda 20 mln. AQSH dollari qiymatidagi yillik ishlab chiqarish quvvati 800 ming dona naslli jo‘ja yo‘nalishidagi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Paxtachi tumanining suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan “Qirguli” MFY hududidagi 28,6 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish tizimi asosida pista va bodomzor plantatsiyasi tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan har yilning iyun–avgust oylarida “Ochiq turizm mavsumi” dasturi e’lon qilinadi va uning doirasida xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga yangi reyslarni tashkil etgan xorijiy va mahalliy aviatashuvchilarga xarajatlarning bir qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi va har bir jalb qilingan xorijiy turist uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya to‘lanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan turoperatorlar tomonidan salohiyatli xorijiy davlatlardan jalb qilingan har 1 000 nafar xorijiy turist uchun ularga 5 ming AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratiladi. Turoperatorlik va mehmonxona xizmatlari bo‘yicha QQSning 50 foizi keshbek tarzida qaytariladi. Har biri ijtimoiy tarmoqlarda 5 mln. nafardan ortiq kuzatuvchiga ega 50 nafar xorijiy blogerga O‘zbekistonga kelishi uchun 7 kunlik bepul turistik dasturlar taqdim etiladi.
Dunyodagi yirik onlayn sayyohlik platformalarida O‘zbekistonga sayohat targ‘iboti bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA