Samarqand viloyatida xususiy maktablar soni 26 taga yetdi
Samarqand shahrida 200 o‘rinli “Oxford international school” nodavlat ta’lim muassasasi faoliyat boshladi.

– Muassasamizda mamlakatimiz ta’lim tizimi hamda IELTS, SAT va IT kabi fanlar bo‘yicha intensiv kurslarni o‘zida mujassam etgan holda 9, 10 va 11-sinf o‘quvchilari uchun yuqori ta’lim standartlari joriy etiladi, – deydi maktab rahbari Botir Jo‘rayev. – Darslar ikki navbatga mo‘ljallangan bo‘lib, unda ingliz tilini darajalar bo‘yicha o‘rganish, xalqaro standartlar asosida mustahkamlangan matematika, mantiqiy fikrlash, shuningdek, axborot texnologiyalari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tiladi. O‘quvchilar Adobe Photoshop, Adobe Illustrator kabi dasturlar asosida grafik dizayn, veb-dizayn va veb-dasturlash, marketing ko‘nikmalari bo‘yicha bilim oladi. Muassasa eng zamonaviy o‘quv qurollari va jihozlari, multimedia vositalari bilan ta’minlangan. Darslar oliy toifali o‘qituvchilar tomonidan o‘tiladi. Shuningdek, muassasaga chet ellik o‘qituvchilar jalb etilgan. Maktabga o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi. Ular soat 9-00 dan 17-00 gacha muassasada bo‘ladi.
O‘quvchilarga kiyim-bosh, ikki mahal ovqat beriladi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolovning ma’lum qilishicha, mazkur maktabning ochilishi bilan viloyatdagi xususiy maktablar soni 26 taga yetdi. Bu maktablarning 13 tasi Samarqand shahrida joylashgan. Shuningdek, ayni paytda Kattaqo‘rg‘on shahri, Payariq, Past Darg‘om, Ishtixon, Nurobod, Oqdaryo, Samarqand Ishtixon tumanlarida ham xususiy maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu kuni mazkur binoda Fast Education o‘quv markazi ham faoliyat boshladi. Bu yerda ingliz tili bilan birga koreys, yapon, rus tillari o‘rgatiladi. Shuningdek, markazda bog‘cha yoshidagi bolalarning intellektual va ijtimoiy rivojlanishiga e’tibor qaratiladi. Ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turadigan oilalar farzandlari uchun imtiyozlar mavjud.
G‘.HASANOV, O‘zA