Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangi yil bayrami munosabati bilan barcha tuman va shaharlar markazida, Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydoni, Sartepa maskani, Temiryo‘l vokzali maydoni, Kimyogarlar qo‘rg‘oni va Qorasuv massivida bayram archalari o‘rnatilmoqda.
Mazkur hududlarda 20 dekabrdan 2025 yil 10 yanvarga qadar madaniy dasturlar namoyish etiladi, savdo yarmarkalari o‘tkaziladi.
Shuningdek, viloyat hokimligi Samarqand shahrida “Eng chiroyli archa”, “Eng yaxshi bezatilgan ko‘cha”, “Eng yaxshi bino” kabi nominatsiyalar bo‘yicha tanlov e’lon qildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Samarqand garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestr jamoasi Registon maydonida “Orkestr sadosi” konsert dasturini taqdim etdi.


Samarqand davlat universitetida mazkur oylik munosabati bilan Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va viloyat hokimligi hamkorligida harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazdi.
***
Yangi yil bayramini munosib kutib olish hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida belgilangan dam olish kunlarida Samarqand shahridagi 20 ta mehmonxonada 10 foizdan 20 foizgacha chegirmalar berilishi belgilandi.
Shu kunlari shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, muzeylarga kirishda ham chegirmalar berilishi ko‘zda tutilgan.
***
Ishtixon tuman hokimligi tashabbusi va homiylar yordamida tumandagi 36 ta umumta’lim maktabiga zamonaviy elektron doskalar taqdim etildi.

Ushbu elektron doskalar orqali turli videodarslar, slaydlar va boshqa interaktiv materiallardan foydalanish mumkin.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri