Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Qish mavsumini betalofat o‘tkazish hamda energiya resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida viloyat prokurori M.Eshnazarov rahbarligida doimiy o‘rganish va nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Xususan, viloyat prokurori Samarqand magistral gaz quvurlar boshqarmasiga qarashli “Shimoliy” gaz taqsimlash stansiyasi, Samarqand shahar Qorasuv massividagi “Motrid” elektr podstansiyasida bo‘lib, mazkur ob’ektlardagi bugungi jarayonlarni ko‘zdan kechirdi.

***
Pastdarg‘om tumanidagi Balxiyon mahallasida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari va Xalq qabulxonasi mutasaddilari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda fuqarolarning turli masalalarga oid o‘ttizdan ortiq murojaati qayd etilib, muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

***
Payariq tumanida Turkiya texnologiyasi asosida paxta yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Tuman hokimi I.Jabborov va Turkiyadagi “Shifa farmaceutical Industrues” kompaniyasi vakili Abdulkarim Sabouni uchrashuvida shunday kelishuvga erishildi.
Muloqot davomida, shuningdek, to‘qimachilik sohasida tumanga investitsiya kiritish masalasi muhokama etildi.

***
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida Qishloq xo‘jalik xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda bir guruh soha xodimlari va professor-o‘qituvchilar “O‘zbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi” ko‘krak nishoni, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi va universitut rektorining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
***
Samarqand davlat universitetida Kvant haftaligi boshlandi. Unda AQSH, Rossiya kabi o‘nga yaqin davlatdan fizik va matematik olimlar ishtirok etmoqda.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri