Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimligi huzuridagi Tadbirkorlar jamoatchilik maslahat kengashining navbatdagi uchrashuvi Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida o‘tkazildi.
Kengash a’zolari – viloyatning ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlari, yirik korxonalar rahbarlari hamda viloyat hokimligi mas’ullari universitetning ilmiy va innovatsion salohiyati, bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Talabalar bilan suhbat o‘tazilib, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarni ishga qabul qilish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
***
1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Samarqand shahrida “Biz OITSga qarshimiz!” shiori ostida tadbirlar o‘tkazildi.
– Bugungi kunda respublikamizda OIV infeksiyasi bilan yashayotganlar 50,5 ming nafarni tashkil qiladi,-- deydi viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori Zokir Umurzoqov.-- Viloyat bo‘yicha 2024 yilning 1 noyabrigacha OIV infeksiyasining intensiv ko‘rsatkichi har 100 ming aholiga nisbatan 7,8 foizni tashkil etdi, o‘tgan yil bu ko‘rsatkich 8,2 foiz edi. Kasallik tarqalishining oldini olishda turg‘ibot ishlari muhim ahamiyatga ega. Shu sababli bu yil sana munosabati bilan viloyatimizning barcha hududlarida “Biz OITSga qarshimiz!” shiori ostida tadbirlar o‘tkazilmoqda.
***
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan partiyaning “Bor mehrimiz senga, bolajon” loyihasi doirasida 3 dekabr-- Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni hamda 8 dekabr-- O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan beg‘araz donorlik aksiyasi tashkil etildi.
Aksiyada partiya faollari bilan birga viloyat ichki ishlar idoralari xodimlari, deputatlar hamda ko‘ngillilar ishtirok etdi.
***
Samarqand davlat universitetida “Inson kapitalini rivojlantirishning hududiy xususiyatlari: xorijiy va mahalliy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Unda Xitoyning Sian Jiatoung universiteti, Rossiyaning Tomsk hamda Buyuk Pyotr nomidagi politexnika universitetlari, Janubiy Koreyaning Yongnam universiteti, Yaponiyaning Soka universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetidan ellik nafardan ziyod olim ishtirok etdi.
Anjumanda inson resurslaridan samarali foydalanish va inson omilini tadqiq etish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar nazariyasi, tajribalar, dolzarb muammolar va istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri