Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Bulung‘ur tumani hokimligi tomonidan uyushtirilgan tadbirda tuman hokimi S.Astanov ishtirok etib, faol va iste’dodli qizlarga hokimlik tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Bu yil oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan 674 nafar bulung‘urlik yoshlarning 328 nafarini qizlar tashkil etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi 322-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2024 yilda mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari alohida parametrlari asosida tanlovda ishtirok etishi uchun 23 nafar xotin-qizga tavsiya berildi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj 11 nafar talaba xotin-qizga shartnoma puli hokimlik tomonidan to‘lab berildi.
***
Narpay tumanidagi 70 ta umumta’lim maktabining 39 tasida zamonaviy elektron doskalardan foydalanib kelinar edi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan homiylar jalb etilgan holda qolgan 31 ta maktabga ham interaktiv doskalar olib berildi.

Shuningdek, Paxtachi tumanidagi 17 ta umumta’lim maktabiga ham yangi elektron doskalar sovg‘a qilindi.
***

Samarqandda Markaziy Osiyoda mehmonxona, restoran va turizm biznesi sohasidagi muhim voqea – “Samarkand Hospitality Days” - HoReCa 2024” xalqaro mehmondo‘stlik va turizm sanoati ko‘rgazma -yarmarkasi o‘tkazilmoqda. Unda yurtimiz va qo‘shni davlatlardagi turizm sohasi vakillari o‘z mahsulot va xizmatlari namoyishi bilan ishtirok etmoqda.
***
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgani tezkor tadbirda “Farg‘ona – Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan avtotransport vositasi “Manas” YPX maskanida to‘xtatilib, yukxonasi ko‘zdan kechirilganida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 5 turdagi 153 ming donadan ortiq pirotexnika vositalari va salyutlar borligi aniqlandi.

Hozir holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri