Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimi E.Turdimov va sektor rahbarlarining Samarqand shahrida o‘tkazayotgan sayyor qabulida soat 12 ga qadar 900 dan ortiq murojaat qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga viloyat aholisidan 68,8 mingga yaqin murojaat kelib tushgan va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga oshgan.
****
Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi endourologiya bo‘limida ilk bor 56 yoshli bemor buyragidagi tosh lazer yordamida, kaminvaziv jarrohlik amaliyoti orqali olib tashlandi. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi endoskopik urologiya va yuqori texnologiyalar markazi shifokorlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan amaliyot muvaffaqiyatli chiqdi. Endi bunday operatsiyalarni mahalliy mutaxassislarning o‘zlari amal oshiradi.
****

Samarqand shahridagi Registon maydonida Turkiyadagi TRT telekanali ijodkorlari “Ruminiyadan Turkistongacha” xalq taronalari ko‘rsatuvini suratga oldi. Ko‘rsatuvda samarqandlik va turkiyalik san’atkorlar ishtirok etib, milliy quy-qo‘shiqlar ijro etdi. Ko‘rsatuv ijodkorlarining ma’lum qilishicha, 13 bo‘limdan iborat dasturning 6-7-bo‘limlari Toshkent va Samarqand shahrida suratga olindi.
****
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi Qo‘shrabot tumani Chimmos mahallasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “Alihan Organic Agro LLC” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2019-2024 yillarda 3,1 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Shu munosabat bilan investor, Turkiya Respublikasi fuqarosi Ali Baklanga Samarqandning faxriy fuqarosi maqomi berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri