Samarqand viloyati xabarlari –qisqa satrlarda
Adliyadan naymanliklarga sovg‘a
Adliya vazirligi tashabbusi bilan #ziyo_ulash xeshtegi ostida amalga oshirilayotgan ma’rifiy loyiha doirasida Toyloq tumani “Nayman” mahalla fuqarolar yig‘inida mo‘’jazgina kutubxona tashkil etildi.
Kutubxonaga o‘zbek va jahon adabiyoti durdona asarlari, turli xal jurnallar keltirildi.

40 yoshdan oshganlar ko‘rikdan o‘tkazildi
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali tomonidan tumanlarda 40 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.
Urgut tumani ko‘p tarmoqli poliklinikasida tashkil etilgan shunday tadbirda 58 nafar fuqaro ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 19 nafarida semizlik, 6 nafarida bo‘qoq, 1 nafarida qandli diabet aniqlanib, zarur tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi endokrinologiya bo‘limida davolanayotgan bemorlar bilan ham suhbat o‘tkazildi.

Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi
Shu shior ostida o‘tkazilayotgan haftalik doirasida viloyatdagi ta’lim muassasalarida ham olima ayollar ishtirokida uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talaba yoshlar qatnashdi.
– Ayni paytda universitetimiz professor-o‘qituvchilarining 50 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadi, – deydi universitet xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Gavhar Xudoyberdiyeva. – Jumladan, dorilfununimizda 47 nafar fan doktori, 164 nafar fan nomzodi, 16 nafar professor va 52 nafar dotsent opa-singillarimiz faoliyat olib bormoqda. Ularning 36 nafari kafedralarga rahbarlik qilsa, ikki nafari prorektor hisoblanadi. Ayni chog‘da ilmiy izlanishlar olib borayotgan yoshlar ham anchagina.
Anjumanda olima ayollar o‘z hayot yo‘llari, ilmiy faoliyatlari haqida yoshlarga so‘zlab berdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri