Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Allomalar merosi targ‘ib qilinadi
Samarqandda viloyat, tuman va shahar hokimliklari mas’ullari, boshqarma va tashkilot xodimlari hamda mahalla raislari ishtirokida buyuk allomalarimiz ilmiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida seminarlar boshlandi.
Bugun viloyat hokimligida o‘tkazilgan dastlabki tadbirda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘qituvchilari tomonidan “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosida yuksak insonparvarlik g‘oyalari tarannumi”, “Yoshlarni yot oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalaridan himoya qilish” va “Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida ma’ruzalar qilindi, o‘zaro fikr almashildi.

Seminarlar 13-15 fevral kunlari mintaqaviy tarzda Samarqand, Urgut tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkaziladi.
“Nevaramga kitob sovg‘a qilaman”
Samarqandda shu shior ostidagi ma’rifat tadbiri boshlandi.
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan loyihada nuroniylar ishtirok etib, nabiralariga kitoblar sovg‘a qilmoqda.
“Samarqand kitob olami” majmuasida tashkil etilgan shunday tadbirda shaharlik ellik nafarga yaqin nuroniy yoshlarga kitob tuhfa qildi.

Starap loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida yoshlar tomonidan yaratilgan startap loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
“Biznesga birinchi qadam” startap g‘oyalar tanlovi ishtirokchilari hamda “Tadbirkorlar kengashi” tomonidan qo‘llab-quvvatlangan loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati ko‘rib chiqildi.
***
“Barkamol avlod–2024”: g‘oliblar aniqlandi
Samarqandda akademik litsey va professional ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida “Barkamol avlod–2024” sport musobaqalarining basketbol turi bo‘yicha respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bellashuvlar natijasiga ko‘ra, samarqandlik o‘quvchi-qizlar chempionlikni kiritdi. Keyingi o‘rinlar Sirdaryo va Surxondaryo viloyati jamoalariga nasib etdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri