Samarqand viloyati vakillari – g‘olib
Namanganda yozgi biatlon bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Namanganda yozgi biatlon bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan bellashuvlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari ishtirok etdi.
Musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi 4 ming metr masofaga yugurish va merganlik bahslarida samarqandlik R.Nosirov raqiblaridan ustun kelib, eng yuqori natijani ko‘rsatdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Toshkent shahridan H.Saidov va Namangan viloyatidan M.Abdullayev egalladi.
Ayollar o‘rtasidagi 3 ming metr masofaga yugurish bahslarida farg‘onalik M.Xmelevskaya, samarqandlik Z.Ortiqova va xorazmlik K.Matyoqubova sovrinli o‘rinlarni band etdi.
Sprint musobaqalarida erkaklar 6 ming metr, ayollar 5 ming metr masofaga yugurdi. Yuqori ko‘rsatkichlar R.Nosirov va Z.Ortiqova hisobiga yozib qo‘yildi.
Musobaqa yakunida 6 va 7 ming metr masofa bo‘ylab o‘tkazilgan individual poygalarda R.Nosirov va M.Xmelevskaya marraga yana birinchi bo‘lib yetib keldi.
Umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan Samarqand viloyati biatlonchilari kubok sohibi bo‘ldi. Toshkent viloyati terma jamoasi ikkinchi, mezbonlar uchinchi o‘rinni egalladi.