Samarqand viloyati hokimligi qanday qilib eng faol bo‘ldi?
Oliy Majlis Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan bu yil ilk bor o‘tkazilgan “Gender tenglik faoli” tanlovida Samarqand viloyati hokimligi “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hokimlik” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur tanlov yurtimizdagi har bir tashkilotda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan siyosatni shakllantirish, faoliyatga gender yondashuvlarni joriy etish, gender tenglikka erishish masalalariga jamoatchilik e’tiborini keng jalb qilish, turli tuzilmalar faoliyatiga gender tenglikni singdirish, ilg‘or tajribalarni aniqlash va umumlashtirish hamda ularni keng targ‘ib qilish orqali jamiyatda xotin-qizlar va erkaklar teng huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Yurtimizda jamiyat hayotida xotin-qizlarning mavqeini oshirish, ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga ustuvor qadriyatlardan biri sifatida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Samarqand viloyati hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Behzod Rahmatullayev. –Samarqand viloyati hokimligi tomonidan ham ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarining boshqaruv apparati, viloyatda faoliyat olib borilayotgan korxona va tashkilotlar, hududiy boshqarmalarning rahbarlik lavozimlariga bilimli, fidoyi va tashabbuskor xotin-qizlarning 200 nafardan ortiq zahirasi shakllantirildi. Shuningdek, yurtimizda ilk bor Samarqandda intellektual salohiyatli va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, teran fikrlaydigan qizlardan iborat “Samarqand ilmli qizlar klubi”ni tashkil etdik. 120 nafar qizlar ushbu klubning faol a’zosi hisoblanadi.
bugungi kunda viloyatimiz xotin-qizlari orasida bir nafar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi va shahar hokimi, bir nafar viloyat hokimining maslahatchisi, yetti nafar shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, bir nafar viloyat boshqarma boshlig‘i, bir nafar tuman prokurori, bir nafar oliy ta’lim muassasasi rektori (chet ellik), olti nafar oliy ta’lim muassasasi prorektori, shuningdek, banklar, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim bo‘limlari, tibbiyot birlashmalari rahbarlari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalq deputatlari viloyat Kengashining 60 nafar deputatlaridan 21 nafarini ayollar tashkil etadi. Umuman, ayni paytda viloyatimizda rahbarlik lavozimlarida to‘qqiz ming nafarga yaqin ayollar ish olib bormoqda.
Joriy yilning mart oyida viloyat hokimligi tashabbusi bilan viloyatdagi iqtisodchi xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Jamiyatimizning faol ayollari o‘z ish faoliyati va ilmiy izlanishlaridan kelib chiqib, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan taklif va g‘oyalarini bildirdi. Shu yilning 26 fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat organlarining mas’uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi doirasida bir va ikkinchi bosqichda 81 ming 612 nafar xotin-qizlarga manzilli yordam ko‘rsatildi.
Xususan, 27 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, 4,2 ming nafari tadbirkorlik ko‘nikmalarini shaklantirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘qitildi, 7,7 ming nafariga 154,8 milliard so‘m miqdorda imtiyozli kreditlar ajratildi. 363 nafar I guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlab berildi, 597 nafar ayollar uy-joy bilan ta’minlandi. Shuningdek, 120 nafar xotin-qizlar uchun ajratilgan uylarning boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berildi. “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi” esa 6,5 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni pazandachilik, buxgalterlik, biznes ko‘nikmalari, tikuvchilik, hunarmandchilik, sartaroshchilik, parrandachilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitdi.
Kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan 1750 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga tikuv mashinalari berildi. 254 nafar ayollarga uy-joyini ta’mirlash, 213 nafariga davolanish va zarur dori-darmonlar xarid qilishi uchun, 393 nafariga oilaviy sharoiyatini yaxshilashi uchun 1,2 milliard so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Samarqand viloyati hokimligi bundan keyin ham xotin-qizlarning munosib sharoitda mehnat qilishi, turmush kechirishi, muhimi jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishi uchun keng imkoniyat, shart-sharoit yaratish bo‘yicha o‘z rejalariga ega.
G‘.HASANOV