Samarqand viloyat sudlari: yil sarhisobi
Samarqand viloyat sudlari tomonidan odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida 2022 yilda amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir avvalida Samarqand viloyati sudi raisi Olim Hayitov, viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyev davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 yanvarda qabul qilingan “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida ” gi va “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmonlari mazmun-mohiyati, ularda belgilangan vazifa va maqsadlarning sud-huquq islohotlari jarayonidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng sudlarning o‘tgan yildagi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, 2022 yilda viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 5918 nafar shaxsga nisbatan 4706 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. Tamomlangan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 797 taga yoki 16,9 foizga hamda shaxslar soni 952 nafarga yoki 16,1 foizga ko‘paygan.

– Sudlanganlarning 1241 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 1361 nafariga ozodlikni cheklash, 1387 nafariga axloq tuzatish ishlari, 372 nafar shaxsga jarima jazolari tayinlandi, – deydi O.Hayitov. – 2022 yil davomida sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 654 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi. Viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 16 ta jinoyat ishi bo‘yicha 17 nafar shaxslar oqlandi. 1196 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 1271 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. Shu davrda Samarqand shahar va ctumanida joylashgan jazoni ijro etish manzil koloniyalaridan 970 nafar shaxs tayinlangan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli va jazo yengilrog‘iga almashtirilib ozod qilindi. O‘z navbatida jazoni ijro etish manzil koloniyasining ichki tartib-qoidalarini buzgan 58 nafar mahkum yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalariga yuborildi.

Viloyat sudlariga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida 1616 nafar shaxsga nisbatan iltimosnomalar kelib tushgan bo‘lib, 1612 tasi qanoatlantirilgan, 3 tasi rad qilingan va 1 tasi chaqirib olingan. Uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida 40 nafar shaxsga nisbatan iltimosnoma kelib tushgan va qanoatlantirilgan. 2022 yil davomida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyati uchun sudlanganlar o‘tgan yilga nisbatan 218 nafarga, firibgarlik uchun sudlanganlar 296 nafarga, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyati uchun hukm qilingan 215 nafarga hamda giyovandlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlarganlar 113 nafarga ko‘paygan. Shu bilan birga hisobot davrida ayrim jinoyatlar, jumladan, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq ishlar kamaygan.
2022 yilda viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atlarida jami 890 nafar shaxsga nisbatan 682 ta ishlar ko‘rilib, shundan 601 nafar shaxsga nisbatan 470 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan, 192 nafar shaxsga nisbatan 134 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan, 33 nafar shaxsga nisbatan 28 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari moddiy zarar qoplangani sababli o‘zgartirilgan va 64 nafar shaxsga nisbatan 48 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari esa bekor qilingan. 2022 yilda 53929 nafar shaxsga nisbatan 43420 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar birinchi instansiyaga kelib tushgan bo‘lib, 27259 ta ma’muriy ishlar bo‘yicha 31451 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash haqida qaror chiqarildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman-shahar sudlari birinchi instansiyasida yil davomida 49266 ta fuqarolik ishlari tamomlangan. Bu ishlarning 38223 tasida da’vo qanoatlantirilgan, 3921 tasi rad qilingan. Tamomlagan ishlar toifasi bo‘yicha tahlil qilinganda mehnat nizolari bilan bog‘liq ishlar 750 tani, oila nizolari 13458 tani, uy-joy nizolari 2578 tani, yer nizolari 2562 tani, soliq va boshqa majburiy to‘lov bo‘yicha qarzni undirish bilan bog‘liq ishlar 829 tani tashkil qilgan. Eng ko‘p – 22282 ta ish kredit shartnomalari bilan bog‘liq bo‘ldi. 2021 yilda ushbu toifadagi ishlar 11453 tani tashkil etgan. Nikohdan ajratish bilan bog‘liq 7827 ta fuqarolik ishlari ko‘rilib, 3971 tasi qanoatlantirilgan va 3019 tasi rad etilgan.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 21359 ta (o‘tgan yilgidan 7667 ta ko‘p) iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rilib hal etilgan. Shundan 19060 ta da’vo qanoatlantirilgan, 1787 ta da’vo rad qilingan. Ko‘rib chiqilgan ishlarning 65 foizi elektron shaklda tushgan murojaatlarni tashkil etdi. Iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib hal etilib, da’vosi qanoatlantirilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 577 milliard 319 million 400 ming so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan.
Samarqand viloyati ma’muriy sudi raisi T.Fayziyevning hisobotida keltirilishicha, yil davomida viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 1209 ta ma’muriy ish ko‘rib tamomlandi. Bu ishlarning 508 tasi qanoatlantirilib, 476 tasi rad etildi. Jumladan, tuman, shahar hokimliklarining qarorlarini bekor qilish bilan bog‘liq 399 ta ish ko‘rilib, 137 ta qaror haqiqiy emas, deb topildi.
Matbuot anjumanida, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA