Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohat
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektorati va universitet kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan xodimlar uchun Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohat tashkil etildi.
Sayohat dastlab Samarqand shahridan boshlandi. Unda universitet jamoasi yurtimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Registon maydoni, Bibixonim masjidi va O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbaralarini ziyorat qilishdi.

Shuningdek, ishtirokchilar shahardagi muzeylar va madaniy dam olish maskanlarida bo‘lib, Samarqandning betakror tarixiy muhitidan zavqlandi.
Shundan so‘ng, sayohat Buxoro shahrida davom etdi. Universitet xodimlari qadimiy va ko‘hna Buxoroning tarixiy-arxeologik yodgorliklari, muzeylari va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida ishtirokchilar xalqimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va tarixiy obidalari haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘ldi.

Ushbu sayohat xodimlar uchun nafaqat qiziqarli dam olish, balki yurtimizning diqqatga sazovor joylarini chuqurroq anglash, ularning madaniy-ma’naviy dunyoqarashini yanada boyitish, jamoa a’zolari o‘rtasidagi hamjihatlik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA