Samarqand teatrida Behbudiy muzeyi ochildi
Shu munosabat bilan tashkil etilgan onlayn konferensiyada bu yil mamlakatimizda Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yilligi keng nishonlanayotgani xalqimiz va davlatimizning buyuk maʼrifatparvar bobomiz maʼnaviy merosini oʻrganish, keng targʻib etishga juda katta eʼtibor qaratayotganidan dalolat berishi taʼkidlandi.
Samarqand viloyat musiqali drama teatrida maʼrifatparvar jadid Mahmudxoʻja Behbudiyning faoliyati, ijodi va sahnalashtirgan asarlari tarixi aks etgan muzey tashkil etildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan onlayn konferensiyada bu yil mamlakatimizda Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yilligi keng nishonlanayotgani xalqimiz va davlatimizning buyuk maʼrifatparvar bobomiz maʼnaviy merosini oʻrganish, keng targʻib etishga juda katta eʼtibor qaratayotganidan dalolat berishi taʼkidlandi.
– Mamudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” dramasi bilan teatrimizga tamal toshi qoʻyilganidan faxrlanamiz, – deydi teatr rassomi Bahrom Safoyev. – Qaysi viloyatga bormaylik Samarqand teatri, ijodiy muhiti, albatta, bobomiz nomi bilan birga eʼtirof etiladi. Quvonarlisi, teatrimizning yosh rejissyori Murod Turdiyev tomonidan “Debyut” festivali uchun 1914-yilda sahnalashtirilgan “Padarkush” dramasi endilikda qayta teatrda sahnalashtirilmoqda. Toʻgʻri, ushbu asar respublikamizning aksariyat teatrlarida talqin etilgan, ammo yosh rejissyor mazkur spektaklda Behbudiy obrazini ham sahnaga olib chiqmoqda.
Teatr binosida tashkil etilgan mazkur muzeydan jadidchi olim hayoti aks etgan suratlar, xalqni maʼrifatli qilishga chorlagan maqolalari, teatr sahnasida qoʻyilgan “Padarkush” dramasidan fotolavhalar, ushbu spektaklda foydalanilgan liboslar va eskizlar oʻrin olgan.
Tadbirda teatr jamoasi tomonidan Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti, uning sirli oʻlimi, xalqimizni maʼrifatli qilish yoʻlida olib borgan ishlari haqidagi qisqa metrajli hujjatli film namoyish etildi.