Samarqand shahriga yangi hokim tayinlandi
Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining bugun o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi.
2019 yil may oyidan buyon Samarqand shahriga hokimlik qilib kelgan Boburmirzo Obloqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Fazliddin Karimovich Umarov Samarqand shahar hokimi etib tasdiqlandi.
F.Umarov 1978 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Hisob palatasida ishlagan.
Sessiyada ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov shaharda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar va yangi hokim zimmasidagi vazifalarga to‘xtaldi.
G‘.HASANOV, O‘zA