Samarqand shahri jahon iqtisodiy kun tartibini belgilayotgan muhim muloqot maydoniga aylandi (+video)
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida turli mamlakatdan kelgan vazirlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, moliya institutlari rahbarlari hamda ekspertlar bir joyga jam bo‘ldi.
Anjuman doirasida mintaqaviy integratsiya, “yashil” iqtisodiyot, raqamli transformatsiya va investitsiyalarni jalb qilish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Tadbirlarda qatnashayotgan Hindiston Moliya vazirligining Iqtisodiy ishlar departamenti qo‘shma kotibi Juhi Mukerji bilan suhbatlashdik. U Samarqanddagi muhit, anjumanning borishi va O‘zbekistonning mehmondo‘stligi haqida fikrlarini bildirdi.
– Samarqanddagi anjuman va umumiy muhit haqida taassurotlaringiz qanday?
– Bizni go‘zal va tarixiy Samarqand shahrida qabul qilgani uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildiraman. Bu yerdagi muhit juda iliq va samimiy. Ayniqsa, O‘zbekiston xalqining mehmondo‘stligi alohida e’tiborga loyiq.
Samarqand nafaqat tarixiy shahar, balki bugungi kunda xalqaro muloqot va hamkorlik markaziga aylanayotganini ko‘rish juda quvonarli. Bunday nufuzli anjumanning aynan shu yerda o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ham ega, deb o‘ylayman.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Hindistonni Ipak yo‘li davrlariga borib taqaladigan chuqur tarixiy va madaniy rishtalar bog‘lab turadi. Bu aloqalar asrlar davomida savdo, ilm-fan va madaniyat orqali mustahkamlanib kelgan.
Shu nuqtai nazardan, Samarqand kabi buyuk shaharda bo‘lish va uning boy madaniy merosini ko‘rish men uchun katta sharaf. Bu shahar haqiqatan ham o‘tmish va bugunni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
– OTB doirasidagi muhokamalar haqida nimalar deysiz?
– Biz bu yerga Osiyo taraqqiyot banki anjumanida ishtirok etish uchun keldik va aytish joizki, muhokamalar juda samarali kechmoqda. Ko‘tarilayotgan masalalar juda dolzarb va bugungi kunda mintaqadagi barcha davlatlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Barcha sessiyalar puxta o‘ylangan va yuqori darajada tashkil etilgan. Ular Osiyo-Tinch okeani mintaqasining rivojlanish ehtiyojlarini to‘liq qamrab olgan. Ayniqsa, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, “yashil” iqtisodiyot va barqaror taraqqiyot masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Men uchrashuvlar katta muvaffaqiyat bilan o‘tishiga to‘liq ishonaman. Haqiqatdan ham, barcha jarayonlar juda puxta va professional darajada tashkil etilgan.
Biz o‘zimizni juda qulay his qilyapmiz. Tayyorgarlik ishlariga katta e’tibor qaratilgani har bir jihatda sezilib turibdi — logistikadan tortib tadbirlarning mazmunigacha.
Barcha ishtirokchilar juda mamnun. Shu bilan birga, ular nafaqat anjumanda qatnashmoqda, balki O‘zbekistonni, uning madaniyati va imkoniyatlarini ham kashf etmoqda. Bu esa mamlakatingizning xalqaro imijini yanada mustahkamlaydi.
– O‘zbekiston Prezidentining nutqi haqida qanday fikrdasiz?
– Anjumanning ochilish marosimidagi Prezident nutqi menda katta taassurot qoldirdi. Unda ilgari surilgan g‘oyalar, ayniqsa mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro bog‘liqlikni oshirish va barqaror rivojlanishga erishishga qaratilgan tashabbuslar juda muhim.
Bu nutq nafaqat O‘zbekistonning kelajakka qarashini, balki butun mintaqaning taraqqiyoti uchun taklif etilayotgan yondashuvlarni ham aks ettirdi. Men shaxsan ushbu fikrlardan ilhom oldim.
Umuman olganda, Samarqanddagi ushbu anjuman menda juda ijobiy taassurot qoldirdi. O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va barqaror taraqqiyotni ta’minlash borasida katta salohiyatga ega ekanini namoyon etmoqda.
Bunday tadbirlar mamlakatingizning global maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi va yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochib beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ku-NoBvWMMg" title="Samarqand shahri jahon iqtisodiy kun tartibini belgilayotgan muhim muloqot maydoniga aylandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Musulmon Ziyo, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA