Samarqand sammiti yangi tarixiy sahifalarni ochadi
Keyingi yillarda dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi, iqlim o‘zgarishi, yirik davlatlar o‘rtasidagi «sanksiyalar urushi», oziq-ovqat mahsulotlari inqirozi bilan bog‘liq keskin o‘zgarishlarning guvohi bo‘lmoqdamiz.
Bu esa dunyoda muloqot va hamkorlikni rivojlantirishni taqozo etmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bu borada keng va qulay imkoniyatlar yaratmoqda.
Yangi tarixiy, geoiqtisodiy sharoitda tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasidagi integratsiya harakatlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
E’tibor berilsa, TDTning integratsiya jarayonlari birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, turizm, energetika, transport va tranzit hamda madaniy-gumanitar sohalarda faol rivojlanmoqda. Bu tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini birinchi o‘ringa olib chiqmoqda.
Yana bir muhim jihat, ushbu tashkilot barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar uchun ishonchli, jozibador bo‘lib qolmoqda. Sababi,Turkiy davlatlar tashkiloti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga, shu jumladan, suveren tenglik, hududiy yaxlitlik va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarning daxlsizligi, ichki ishlarga aralashmaslikka asoslangan, bu ochiq hamda uchinchi davlatlar va tashkilotlarga qarshi yo‘naltirilmagandir. Ya’ni, boshqa mintaqaviy platformalar va tashabbuslarni to‘ldiradi. Tashkilotning mohiyati shundaki, unda hech qanday geosiyosiy yoki blokli raqobat unsurlari mavjud emas, nizom va konseptual hujjatlarida harbiy qismlar yo‘q.
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar tubdan o‘zgardi, inqilobiy tashabbuslar ilgari surilib, muhim qarorlar qabul qilindi.
Ma’lumki, 2019 yil sentyabr oyida Naxichevan bitimini (2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qilgan O‘zbekiston tashkilotning teng huquqli a’zosiga aylandi. O‘sha paytdan boshlab O‘zbekiston TDT bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha aniq tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezidentimiz TDT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 35 dan ortiq aniq tashabbusni ilgari surgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 20 dan ortiq tashabbus ro‘yobga chiqarildi.
Ayrimlari haqida qisqacha to‘xtalsak, 2021 yil iyun oyida TDTga a’zo davlatlar turizm vazirlarining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qo‘qon 2022 yilda «Turk dunyosining turistik poytaxti», deb e’lon qilindi, «Tabarruk ziyorat» loyihasi ishga tushirilib, Turizm bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilindi, O‘zbekistonda Yosh tadbirkorlar forumi tashkil etilib, uning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, transport va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi.
Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari oldida ko‘rsatgichi imkoniyat darajasidan past bo‘lgan mintaqalararo savdo sohasida jiddiy siljish qilish masalasi turibdi. Samarqanddagi sammit doirasida qabul qilinadigan a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-sotiqni soddalashtirish strategiyasi, shubhasiz, bu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, TDT mamlakatlari yagona platforma doirasida bo‘lajak investitsiyaviy hamkorlik parametrlari doirasida Turkiy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilish maqsad qilingan. Bular esa tashkilotning hamkorlikning yangi, yanada ilg‘or bosqichiga o‘tish ko‘rsatkichidir.
O‘zbekistonning 2022-2023 yillarda Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi asnosida ilk bor o‘tkazilayotgan TDT sammiti o‘zaro hamkorlik orqali porloq kelajak sari intilayotgan tashkilot uchun birgalikda yangi tarixiy sahifalarni yozishga xizmat qilishi shubhasiz.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi