Samarqand sammiti: taraqqiyot, birdamlik yo‘lidagi hamkorlik
Samarqandda shu yil 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 22- sammiti o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorlik va hamfikrlik asosida yuqori natijalar bilan o‘z ishini yakunladi. SHHTga a’zo davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston raisligida xalqaro tashkilot faoliyati samarali bo‘lganligi alohida kayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasining Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raisligi davrida 80 dan ortiq yirik tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida 14 ta yangi konseptual hujjat loyihasi ishlab chiqildi. SHHT doirasidagi hamkorlik sohalarini mazmunan boyitish va institutsional kengaytirishga qaratilgan bu hujjatlar qatorida transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha SHHT strategiyasi, Mintaqalararo savdoni rivojlantirish rejasi, Infratuzilmani rivojlantirish dasturi, “SHHT Ezgu niyat elchisi” institutini tashkil etish kabi loyihalarni alohida ta’kidlash o‘rinli.
O‘zbekiston Yevroosiyo qit’asidagi hududi, iqtisodiy, siyosiy salohiyati jihatdan salmoqli o‘rin tutuvchi davlatlarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etdi.
SHHT tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlangach, qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamfikrlilik, hamkorlik va birdamlikning o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi.
Sammit jarayonida jami 44 ta hujjat — bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot faoliyati tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. "Samarkand ruhi" – hamfikr bo‘lganlarning barchasini global tamaddunlararo muloqotga jalb qilib, hurmat va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan munosabatlarni barqaror rivojlanishiga zamin bo‘ladi.
Umuman, yuksak saviyada o‘tkazilgan mazkur xalqaro anjuman O‘zbekistonning halqaro hamkorlik borasidagi munosabatlarini, xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi nufuzini yanada yuqori bosqichga ko‘tardi.
Akmaljon Ermatov,
Andijon mashinasozlik instituti prorektori
O‘zA