Samarqand sammiti: keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti jahonda o‘z o‘rni, o‘z mavqeiga ega tashkilot sifatida rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Ezgulik, taraqqiyot, iqtisodiy hamkorlik prinsiplari asosida shakllangan ushbu xalqaro tashkilot a’zolari safi, a’zolikka nomzod va kuzatuvchi davlatlar soni tobora ortib bormoqda.
Prezidentimizning ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasida tashkilotning iqtisodiy ahamiyati xususida asosli fikr yuritilgan. Jumladan, maqolada SHHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali to‘laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega, shuningdek, a’zo mamlakatlarning umumiy maydoni 34 million kvadrat kilometrni tashkil etib, bu Yevrosiyo hududining 60 foizini tashkil etishi, jahondagi neft zaxiralarining 25 foizi, tabiiy gaz zaxiralarining 30 foizi hamda uran zaxiralarining 50 foizi mazkur tashkilotga a’zo mamlakatlar hududiga to‘g‘ri kelishi tashkilotning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari yuqori ekanligi alohida ta’kidlanadi.
Bundan tashqari, SHHTga a’zo mamlakatlarda dunyo aholisining 40 foizidan ortig‘i istiqomat qilganligi bois, ushbu tashkilot juda katta va istiqbolli bozorga ega. Hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va mustahkamlash borasida yuqori samaralarga erishgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqand sammiti o‘tib borayotgan yilning eng muhim siyosiy voqealaridan biri bo‘lib qoladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev sammitda qilgan ma’ruzasida SHHTning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini va ochiqligini saqlab qolish, “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash, SHHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlash, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish, shu maqsadda SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazish, a’zo mamlakatlarning maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish, oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish, kelasi yilda O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish, SHHT makonida BMTning qo‘llab-quvvatlashi ostida Toshkent shahrida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini tashkil etish singari qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Ushbu tashabbuslar shubhasiz, tashkilot doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, a’zo davlatlar iqtisodiyotini yuksaltirishga, qolaversa, xalqaro miqyosdagi qator muammolarni ijobiy hal etilishiga xizmat qiladi. Sammit doirasida “Xitoy –Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolanganini tarixiy voqea sifatida baholash mumkin. Shuningdek, strategik jihatdan yana bir muhim loyiha – “Termiz –Mozori Sharif – Qobul – Peshavor” temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bildirilgan fikrlar ham keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ekologik tahdid va xatarlar ortib borayotganini ta’kidlab, SHHTning Iqlim kengashini tuzishni taklif etdi. Shu bilan birga, yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, turli nosog‘lom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish lozimligini alohida ta’kidladi. Qo‘shni Afg‘oniston masalasiga alohida to‘xtalib, Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fond ta’sis etish taklifini bildirdi. Davlatimiz rahbari SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar o‘tkazish kabi hamkorlikning qo‘shimcha formatlarini yaratishga chaqirdi. Yuqorida sanab o‘tilgan takliflar va boshqa ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, SHHT Samarqand sammiti O‘zbekiston raislik qilgan yilda mazmunan boyidi, katta hajmdagi amaliy ishlar qilindi. Umuman, sammitda tashkilotning obro‘si, mavqeini yanada oshirishga xizmat qiladigan ko‘plab tashabbuslar ilgari surildi, muhokama qilindi.
Muhokamalar natijasida qator hujjatlar imzolandi va qarorlar qabul qilindi.
Sammit jarayonida jami 44 ta hujjat — bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot faoliyati tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. SHHT tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlangach, qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamfikrlik, hamkorlik va birdamlikning o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi. Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qilgan SHHT davlat rahbarlarining Samarqand sammitida erishilgan natijalarni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi qo‘llab-quvvatlaydi. Siyosiy partiya a’zosi, faoli sifatida Samarqand sammiti hujjatlari, unga aloqador axborotlarni, avvalo, partiyadoshlar, deputatlik guruhlari, faollarimiz bilan chuqur o‘rganib, ularning mazmun-mohiyati, ahamiyati xususida aholi orasida keng qamrovli targ‘ibot ishlarini olib borish bugungi kundagi muhim vazifalarimizdan biri, deb hisoblayman.
Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand sammiti yurtimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga, hamkorlikning keng imkoniyatlari eshigini ochib berishga, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi nufuzini yanada ko‘tarishga xizmat qilgan tadbir sifatida har bir yurtdoshimiz qalbini iftixorga to‘ldiradi.
Abdulhamid NURMATOV,
O‘zbekiston XDP Andijon viloyat kengashi raisi
O‘zA