Samarqand sammiti – istiqbolli anjuman
Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiz bosh ilmiy xodimi Dmitriy Trostyanskiyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tadbir ishtirokchi mamlakatlarning o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va ilgari erishilgan kelishuvlarni mustahkamlashga qaratilgan ko‘p yillik sa’y-harakatlarining avj nuqtasi hisoblanadi. Global arxitektura jadal o‘zgarib borayotgan bir sharoitda sammit ikki mintaqa o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy muloqotga yangi turtki bera oladi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammit arafasida bergan eksklyuziv intervyusida Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi hamkorligi YeIning 27 davlati, jumladan “Katta yettilik”ning uch davlati hamda bilan hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan noyob platforma ekanini ta’kidladi.

Yevropa Ittifoqi transport, logistika va energetika dasturlariga e’tibor qaratgan holda Markaziy Osiyo bilan hamkorlik strategiyasini rivojlantirayotganini qayd etish mumkin. Ushbu tashabbuslar tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, mintaqa infratuzilmasi va iqtisodiyotiga qo‘shimcha investitsiya jalb qilish imkonini beradi.
Savdo aloqalari dinamikasi ushbu sa’y-harakatlar samaradorligini tasdiqlaydi. So‘nggi yetti yil ichida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi umumiy savdo hajmi 4 barobar oshib, 54 milliard yevroga yetdi. Bu hamkorlar o‘rtasidagi ishonch va strategik yaqinlashuv kuchayib borayotgani daloli. Ayni o‘sish iqtisodiyotning bir-birini to‘ldirishi bilan bog‘liq: Markaziy Osiyo asosan kimyoviy va mineral mahsulotlar, metall eksport qiladi. Bu YeIga eksportning 92 foizini tashkil etadi. YeIdan esa sanoat va transport uskunalari, kimyoviy mahsulotlar va maishiy texnika (umumiy miqdorning 70 foizi) importi amalga oshiriladi. Bu sanoatni modernizatsiya qilishning hozirgi bosqichi va qiymat zanjiriga integratsiyalashuvi uchun juda muhim.
O‘zbekistonning YeI bilan munosabatida sezilarli o‘sish kuzatiladi. 2020-2024 yillarda tovar ayirboshlash 1,6 barobar ko‘payib, 6,4 milliard yevroga yetdi. Shu bilan birga, ta’kidlash kerak, YeIga eksport 4,1 barobar oshdi. Aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam respublikamiz 2021 yil aprelda YeIning Global imtiyozlar tizimiga qo‘shilishidir. Natijada 6 000 dan ortiq turdagi tovarni eksport qilish uchun imtiyozli shart-sharoit ta’minlandi.
Investitsiya faolligi ham o‘sish sur’atini ko‘rsatmoqda: O‘zbekistonda Yevropa kapitali ishtirokida 1000 dan ziyod korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Shulardan 610 tasi to‘liq YeI investorlariga tegishli. 2024 yil oxiriga kelib, Yevropa kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar qiymati 30 milliard yevroga yetdi. O‘zbekistonning YeI mamlakatlari orasida asosiy savdo hamkorlari Germaniya (1,2 milliard dollar), Fransiya (1,1 milliard dollar), Litva (599 million dollar), Italiya (438 million dollar) va Chexiya (434 million dollar) bo‘lib qolmoqda. Bu yutuqlar respublikaning YeI bilan hamkorligining strategik ahamiyatini ko‘rsatadi, o‘zaro savdo va investitsiya yanada o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shu asnoda YeI Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan hamkorlikni faol kengaytirmoqda. Bu Samarqand sammitining asosiy mavzularidan biriga aylandi. Uchrashuv davomida transport, raqamli bog‘liqlik, strategik xom ashyo, iqtisodiyot va energetika xavfsizligi, shuningdek ekologik toza energiya manbalariga o‘tishdagi hamkorlik istiqboli muhokama qilindi. Ushbu tashabbuslar Yevropa Ittifoqining butun mintaqa bilan hamkorlikni mustahkamlash va uzoq muddatli hamkorlik uchun barqaror platforma yaratish istagini aks ettiradi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqida iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiy va texnologik modernizatsiyaga investitsiya hajmi hamkorlik samaradorligining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bunday yondashuv hamkorlikni rivojlantirishning pragmatik nuqtai nazarini aks ettiradi. Bunda mintaqaning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlovchi aniq iqtisodiy natijalarga ustuvor ahamiyat beriladi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan Toshkent investitsiya forumi ushbu strategiyani amalga oshirishda muhim maydon bo‘ladi. Prezidentning YeI va MO sarmoyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan alohida sessiya o‘tkazish, shuningdek O‘zbekistonda Yevropa kompaniyalari uchun Mintaqaviy sanoat parki konsepsiyasi taqdimotini o‘tkazish taklifi alohida ahamiyatga ega.
Ushbu tashabbuslar strategik xususiyatga ega bo‘lib, bir necha vazifani hal qilishga qaratilgan: iqtisodiy aloqani mustahkamlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya oqimini rag‘batlantirish va mintaqa infratuzilmasini rivojlantirish. Yevropa kompaniyalari uchun sanoat parki Yevropa texnologiyasi va standartini Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga integratsiyalashning muhim vositasiga aylanib, ish o‘rinlari yaratish, mintaqaning raqobatbardoshligini oshirishga hissa qo‘shishi mumkin.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz iqtisodiy manfaatini yanada yaqinlashtirish bo‘yicha ham qator yangi tashabbuslar ilgari surdi. Investitsiyani himoya qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim imzolash, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” qo‘shma savdo palatasini tashkil etish, kichik va o‘rta biznes, ayniqsa ayollar tadbirkorligini qo‘llab–quvvatlash dasturini ishga tushirish va Yevropa standartiga muvofiq mahsulotlarni sertifikatlash laboratoriyalarini tashkil etish shular jumlasidan. Ayni chora-tadbirlar xususiy sektorni rivojlantirish, mintaqa eksport salohiyatini oshirish va YeI bozoriga kirishni osonlashtirishga qaratilgan.
Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, transport yo‘laklarini rivojlantirish va muhim foydali qazilmalar sohasidagi hamkorlik mintaqa iqtisodiyotini modernizatsiya qilish uchun sharoit yaratadi. Markaziy Osiyoning YeI bilan hamkorlikdagi rolini kuchaytiradi, barqaror o‘sish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, mintaqaning global raqobatbardoshligini oshiradi.
O‘zA