Samarqand muloqoti: dunyo yosh parlamentariylari huquq, adolat va munosib kelajak yo‘lida birdam va hamqadam
Samarqandda dunyoning turli burchaklaridan kelgan yosh parlamentariylar bir haqiqat atrofida birlashdi: bugun yoshlar haqida qaror qabul qilishning o‘zi kifoya emas – ular qarorlar qabul qilish jarayonining bevosita ishtirokchisi bo‘lishi lozim.
Zotan, inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmati jiddiy sinovdan o‘tayotgan murakkab davrda yosh avlodning ovozi, tashabbusi va siyosiy ishtiroki har qachongidan muhimroq.
Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 4–6-sentyabr kunlari qadimiy Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning 60 mamlakatidan yosh parlament a’zolari, 13 ta xalqaro tashkilot vakillari – qariyb 250 nafar delegat, shuningdek, senator va deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarini birlashtirgan anjuman "Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida" mavzusiga bag‘ishlandi.
Bu oddiy muloqot maydoni emas edi. Samarqand uch kun davomida yosh parlamentariylar o‘z mamlakatlaridagi tajriba va muammolar bilan o‘rtoqlashadigan, global muammolarga umumiy yechim izlaydigan va, eng muhimi, ularni hal etishda yoshlarning mas’uliyati hamda rolini belgilaydigan muhim xalqaro maydonga aylandi.
O‘zbekiston Prezidentining konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi ham anjumanga alohida siyosiy mazmun bag‘ishladi. Unda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, samarali tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy yondashuvlarni shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘z nutqida bugun yoshlarga nisbatan yondashuvni tubdan o‘zgartirish zarurligini ta’kidladi. Ya’ni, yoshlar siyosatning obyekti emas, balki qarorlarning hammuallifi bo‘lishi kerak. Bu esa yoshlarni nafaqat muhokamalarga, balki qonunlar, byudjet qarorlari va davlat siyosatini shakllantirish jarayonlariga tizimli jalb etishni taqozo etadi.
Bu yondashuvning mohiyati shundaki, yoshlarning huquqlarini e’tirof etishning o‘zi kifoya qilmaydi. Ularning huquqlarini real imkoniyatlarga aylantirish, siyosiy ishtiroki uchun aniq mexanizmlar yaratish va qabul qilingan xalqaro hujjatlarni milliy amaliyotga samarali tatbiq etish zarur.
Ko‘hna Samarqand esa ana shu g‘oyalar tutashgan nuqta bo‘ldi. Turli mamlakatlar, turli tajriba va qarashlarga ega yosh parlamentariylarni inson uchun munosib hayot, adolat va barqaror kelajak barpo etishdek umumiy maqsad birlashtirdi.
PI Prezidenti Tuliya Ekson yosh parlamentariylar inson huquqlari buzilishiga nisbatan murosasiz bo‘lishi, parlament minbaridan turib adolat va javobgarlik masalasini dadil ko‘tarishi zarurligini ta’kidladi. PI Bosh kotibi Anda Filip esa yoshlarni qaror qabul qilish jarayonlariga keng jalb etish samarali siyosat ishlab chiqishning muhim sharti ekanini qayd etdi.
BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, BMT Yoshlar byurosi rahbari Felipe Pauler ham Samarqand muloqotlarining amaliy ahamiyatini alohida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, konferensiya turli avlodlarning eng yaxshi g‘oya va tajribalarini birlashtirib, yanada samarali institutlarni shakllantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Konferensiya kun tartibi ham bugungi yoshlar duch kelayotgan muammolar ko‘lamini yaqqol namoyon etdi. Nizolar sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, raqamli huquq va xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi, munosib mehnat va bandlik, yoshlar hamda xotin-qizlarning siyosiy ishtiroki, zo‘ravonlikning oldini olish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalarda bir jihat alohida ko‘zga tashlandi: zamonaviy dunyoda yoshlar global o‘zgarishlarning shunchaki kuzatuvchisi emas, balki bu jarayonlarning faol ishtirokchisi va tashabbuskori bo‘lishi kerak.
Shu nuqtayi nazardan, raqamli transformatsiya va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, yoshlar bandligini ta’minlash kabi masalalar faqat kelajak avlodning emas, bugungi siyosatning ham kun tartibiga aylanmoqda.
Konferensiya doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqotlar va panel muhokamalarida parlamentlar, BMT, PI, fuqarolik jamiyati institutlari va ekspertlar vakillari ishtirok etdi. Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) ga erishishda parlamentlarning ishtirokiga bag‘ishlangan maxsus sessiyada esa qonun chiqaruvchi hokimiyatning milliy taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirishdagi o‘rni va imkoniyatlari muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston Senati va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi muloqotlar ham yangi tashabbuslar uchun muhim asos bo‘ldi. Uchrashuvlarda parlament diplomatiyasini kuchaytirish, yoshlarni qarorlar qabul qilish jarayonlariga keng jalb etish, yoshlar parlamentlari faoliyatini rivojlantirish va xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bu jarayon O‘zbekiston va PI o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivojlanayotganini ham ko‘rsatdi. 2025-yilda Toshkentda PIning 150-yubiley Assambleyasi o‘tkazilishi va mamlakatimizda qator nufuzli parlament tadbirlariga mezbonlik qilinishi mazkur hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
Samarqanddagi konferensiyaning eng muhim natijalaridan biri – muhokamalarning aniq hujjatda aks etishi bo‘ldi. Anjuman yakunida ko‘tarilgan masalalar, bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida Samarqand global konferensiyasining yakuniy hujjati qabul qilindi.
Xulosa qilib aytganda, Samarqanddagi uch kunlik global muloqot yosh parlamentariylarni bir joyga to‘plash bilangina cheklanmadi. U yoshlarning siyosiy ishtiroki, inson huquqlari va adolat masalalariga yangicha yondashuvlarni shakllantirish, umumiy maqsadlar yo‘lida hamkorlikni kuchaytirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
[gallery-31263]
Norgul Abduraimova,
Alisher Isroilov (surat), O‘zA