Samarqand Markaziy Osiyo chempionati mezboni
Samarqand shahri sportning karate (WKF) turi bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatiga mezbonlik qilmoqda.
Chempionat doirasida dastlab ushbu sport turi qoidalariga kiritilgan o‘zgartish va yangiliklarga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Unda kiritilgan yangiliklar batafsil tushuntirilib, belgilangan me’yoriy talablarni bajargan mutaxassislarga xalqaro toifadagi hakamlik sertifikatlari topshirildi. Bugun boshlangan yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo chempionatida yurtimizning 350 nafar karatechisi bilan birga Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Qirg‘iz Respublikalaridan 800 nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda.
– Musobaqa doirasida o‘tkazilgan seminar har tomonlama samarali bo‘ldi, – deydi hamyurtimiz, xalqaro toifadagi referi Mirzohid Yuldoshev. – Seminarda ishtirok etgan 7 vakilimiz xalqaro toifadagi hakam sertifikatini oldi. Endi ular xalqaro maydonlardagi nufuzli musobaqalarda hakamlik qilishi mumkin. Ushbu chempionat sport musobaqalari bilan birga turizm yo‘nalishida ham ahamiyatli. Ishtirokchilar bo‘sh vaqtlarida Samarqandning diqqatga sazovor joylari bilan tanishmoqda.
– Musobaqa yuqori saviyada, xalqaro talablar asosida tashkil etilgan, – deydi Qirg‘iz Respublikasi jamoasi murabbiyi Risqeldi Mamatxonov. – Yurtimizdan 70 nafar karatechi ishtirok etyapti. Bahslar qizg‘in kurashlarga boy bo‘lmoqda. Markaziy Osiyo chempionati qit’a birinchiliklari oldidan o‘ziga xos sinov vazifasini o‘taydi. Bu yerda ham chempionlikka osonlik bilan erishib bo‘lmayapti.
[gallery-17270]
Karate (WKF) bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatining ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Markaziy Osiyo karate federatsiyasi raisi Sarsenbay Abdullayevlar ishtirok etib, sportchilarga muvaffaqiyat tiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari