Samarqand ko‘chalarida elektrobuslar yanada ko‘payadi
Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i va “Samarqandyo‘lovchitrans” davlat muassasasi direktori Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari chog‘ida “Yutong” kompaniyasi rahbarlari bilan shunday kelishuvga erishdi.
“Samarqandyo‘lovchitrans” davlat muassasasi direktori Otabek Abdullayevning qayd etishicha, xizmat safaridan ko‘zlangan maqsad – ayni paytda Samarqand shahridagi yo‘nalishlarda aholiga xizmat ko‘rsatayotgan elektrobuslarda aniqlangan ayrim texnik muammolarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, mazkur zamonaviy transport vositalaridan samarali foydalanish va yangilarini xarid qilish bo‘lgan. Qariyb 12 million aholiga ega Chenjou shahri sanoat hududidagi “Yutong” zavodida zamonaviy texnika va texnologiyalar yordamida turli hajmdagi avtobus va elektrobuslar ishlab chiqariladi. Kompaniya bugungi kunda 30 ming fuqaroni ish bilan ta’minlagan.

Bugun Samarqand shahar jamoat transportida YeTTBning “Yashil shahar” loyihasi asosida xarid qilingan 100 dona “Yutong” elektrobuslaridan foydalanilmoqda. Zavod rahbarlari bilan muloqot chog‘ida tomonlar jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun harakat tarkiblarini yangilash, Samarqanddagi elektrobuslarga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Samarqandga dastlabki bosqichda 80 dona, keyinchalik esa 250 dona elektrobus xarid qilish yuzasidan fikr almashildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri