Joriy yilning 6–8-may kunlari Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarma bilan hamkorlikda «Malakali ustoz – millat ko‘zgusi» mavzusidagi seminar-treninglar o‘tkazildi.
Unda o‘qish savodxonligi yo‘nalishi bo‘yicha baholashdagi zamonaviy yondashuvlar va uning maktab ta’limiga tatbiq etish, «PISA» xalqaro baholash tadqiqotiga tayyorlanishda o‘quvchilarda matn bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirish, «PIRLS» tadqiqoti misolida o‘qish savodxonligi darajasi va uni oshirish yo‘llari kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Shuningdek, tabiiy-ilmiy savodxonlikni rivojlantirish maqsadida o‘quvchilarning tabiiy-ilmiy savodxonligini oshirishda pedagogik dasturiy vositalardan foydalanish, «PISA 2022» natijalari: ta’limdagi xalqaro tahlil hamda «TIMSS» xalqaro tadqiqoti topshiriqlari misolida tabiiy fanlarni o‘qitishda o‘quvchilarda 4K ko‘nikmalarini shakllantirish usullari kabi mavzular bo‘yicha taqdimotlar qilindi.

Matematik savodxonlikni rivojlantirish uchun esa o‘qitishning interfaol usullari va zamonaviy pedagogik dasturiy vositalardan foydalanish, «PISA» tadqiqotlarida matematik tanqidiy fikrlashni o‘rgatish, «TIMSS» xalqaro tadqiqoti misolida o‘quvchilarning kritik va kreativ fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali matematik savodxonligini oshirish kabi mavzular haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Mashg‘ulotlar interaktiv ko‘rinishda tashkil etildi va ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.

Bu kabi «Metodik marafon»lar joriy yilning yanvar oyida boshlab o‘tkazib kelinmoqda va yil yakuniga qadar 100 ming nafardan ortiq o‘qituvchilarni qamrab olish rejalashtirilgan.
O‘zA