Samarqand – jahon triatlon yulduzlarini chorladi
Samarqandda 25-26-aprel kunlari o‘tkaziladigan triatlon bo‘yicha jahon chempionati (World Triathlon Championship Series – 2026) va paratriatlon bo‘yicha jahon kubogi (World Triathlon Para Series – 2026) oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi a’zolari va triatlon yulduzlari ishtirok etgan matbuot anjumanida jahon triatlon tashkiloti (World Triathlon) homiyligida tashkil etilayotgan ushbu nufuzli chempionat xalqaro triatlon poygalari seriyasining eng yuqori pog‘onasi bo‘lib, Markaziy Osiyoda birinchi marta o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
– Mazkur turnir jahon triatlon chempionatining birinchi seriyasi bo‘lib, Samarqanddan boshlanmoqda va yil davomida dunyoning turli mamlakatlarida bir necha bosqichlari o‘tkaziladi, – deydi O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun. – Unda 30 ga yaqin davlatdan dunyo reytingida yuqori o‘rinlarda turgan 98 nafar, jumladan, bir nafar o‘zbekistonlik kuchli atletlar ishtirok etadi. Paratriatlonda esa 55 nafar sportchi qatnashishi kutilmoqda. Umuman 25-26-aprel kunlari 700 nafardan ortiq havaskor va professional sportchilar Samarqandda o‘z mahoratini ko‘rsatadi. Ushbu musobaqa Samarqandning nafaqat Markaziy Osiyoda, balki xalqaro sport maydonida ham rivojlanayotgan jahon triatlon markazi sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan birga, nufuzli sport tadbiri dunyo bo‘yicha eng go‘zal shaharlardan birida sport, madaniyat va tarixni birlashtiradi.
Matbuot anjumanida triatlon bo‘yicha xalqaro musobaqalar Samarqandda avval ham yuqori saviyada tashkil etilgani va 2024-yilda birinchi marta o‘tkazilgan jahon kubogi jahon triatlon tashkiloti, xorijlik sportchilar va muxlislar tomonidan yuqori baholangani qayd etildi.
Musobaqa ishtirokchilari “World Triathlon Championship” doirasida standart masofada 1,5 kilometr masofada suzish, 40 kilometr masofada velosiped poygasi va 10 kilometrga yugurish bahslarida qatnashadi.
[gallery-28959]
“World Triathlon Para Cup”da esa turli toifadagi para-atletlar, xususan, jismoniy cheklovlarga ega atletlar ( PTS2-3-4-5), nogironlik aravachasidagi atletlar (PTWC) va ko‘rish qobiliyati cheklangan atletlar o‘z gidlari bilan (PTVI) sprint masofasida (750 metrga suzish, 19 kilometr velopoyga, 5 kilometrga yugurish) ishtirok etadi.
– Samarqandda ikkinchi marta nufuzli musobaqada qatnashyapman, – deydi o‘zbekistonlik triatlonchi Jeremi Kuindios. – Albatta, ertangi bahslar qizg‘in kurashlarga boy o‘tishi kutilmoqda. Men ham turnirda yuqori natija uchun kurash olib boraman va buning uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rganman.
Triatlonchilar musobaqa davomida “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi hududi, eshkak eshish kanali, “Boqiy shahar” majmuasi bo‘ylab belgilangan masofani bosib o‘tadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari