Samarqand ilm-fan maktabining jahonga ta’siri
Mirzo Ulug‘bek asos solgan Samarqand ilmiy maktabi va uning bebaho merosi faqatgina Turon hududi bilan chegaralanib qolmagan. Bu ilm dargohida yaratilgan kashfiyotlar, ishlab chiqilgan usullar va yozilgan asarlar butun Sharq, hatto Yevropa ilm-fani rivojiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Ulug‘bek rasadxonasi faoliyati to‘xtaganidan so‘ng uning shogirdlari va u yerda to‘plangan bilimlar turli o‘lkalarga tarqalib, yangi ilmiy maktablarning shakllanishiga, mavjudlarining esa yuksalishiga sabab bo‘ldi. Bu jarayon, ayniqsa, Usmoniylar saltanati va Boburiylar Hindistoni misolida yaqqol namoyon bo‘ladi. Samarqanddan chiqqan ilm ziyosi jahonning turli burchaklarida yangi ilmiy yuksalishlarga turtki berdi va bu bilan Markaziy Osiyoning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rnini yana bir bor isbotladi.
Samarqand ilmiy maktabining jahonga tarqalishida Ulug‘bekning sevimli shogirdi, buyuk mutafakkir, matematik va astronom Ali Qushchi muhim o‘rin tutadi. Ustozi fojiali halok bo‘lgach, Samarqanddagi siyosiy vaziyatning beqarorlashganini ko‘rgan Ali Qushchi ilmiy merosni saqlab qolish va uni davom ettirish maqsadida Tabrizga, so‘ngra esa Usmoniylar saltanatining poytaxti Istanbulga yo‘l oladi. Usmoniylar hukmdori Sulton Mehmed Fotih olimni katta izzat-ikrom bilan kutib olib, uni Istanbuldagi eng nufuzli o‘quv yurti – Ayo Sofiya madrasasiga mudir etib tayinlaydi. Bu voqea Usmoniylar saltanati ilm-fani tarixida tub burilish yasadi. Ali Qushchi o‘zi bilan birga Samarqand ilmiy maktabining eng ilg‘or yutuqlarini, aniq fanlar, xususan, matematika va astronomiya sohasidagi chuqur bilimlarni Istanbulga olib keldi. Turk tarixchisi Ixsan Fazlio‘g‘lining tadqiqotlariga ko‘ra, aynan Samarqand matematika-astronomiya maktabi Usmoniylar falsafasi va fani uchun poydevor vazifasini o‘tagan.
Ali Qushchi Istanbulda Samarqand madrasalari uslubida ta’lim tizimini isloh qildi, aniq fanlarni o‘qitishni kuchaytirdi va ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Uning “Risola fil-hay’a” (“Astronomiya haqida risola”) va “Risola fil-hisob” (“Hisob haqida risola”) kabi asarlari Usmoniylar madrasalarida asrlar davomida asosiy darsliklar sifatida o‘qitildi. Shu tariqa, Ulug‘bek maktabining ilmiy an’analari va usullari Usmoniylar imperiyasining ilmiy tafakkuriga chuqur singib ketdi. Hattoki, Ulug‘bekning asosiy asari – “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” XVII asrda turk tiliga tarjima qilingani ham Samarqand ilmiy merosiga qiziqishning uzoq vaqt davomida so‘nmaganidan dalolat beradi. Bu jarayonlar shuni ko‘rsatadiki, Samarqand ilmiy maktabi bir mintaqa doirasida qolib ketmasdan, o‘zining shogirdlari orqali boshqa buyuk imperiyaning ilmiy yuksalishiga bevosita hissa qo‘shgan.
Tarixchi olima Feruza Shomukaramovaning yozishicha, Ulug‘bek ilmiy merosining yana bir muhim yo‘nalishi Hindiston bilan bog‘liq. Samarqand rasadxonasi va uning faoliyati haqidagi ma’lumotlar Hindistonga yetib borib, u yerdagi olimlarning ham katta qiziqishini uyg‘otdi. Ayniqsa, XVIII asrda yashagan mashhur hind hukmdori va olimi Savay Jay Singh o‘z faoliyatida Ulug‘bek maktabi yutuqlariga tayangan. U Dehli, Jaypur va boshqa shaharlarda bir nechta rasadxonalar qurdirar ekan, loyihalash va asboblar yasashda “musulmon kitoblari”dan, jumladan, Samarqand olimlarining asarlaridan keng foydalangan. Olim Razaulloh Ansoriyning tadqiqotlarida arab-islom astronomiyasining, xususan, Ulug‘bek maktabining o‘rta asrlar Hindistoniga o‘tishi va uning hind astronomiyasi rivojiga ta’siri atroflicha tahlil qilingan. Bu esa Ulug‘bek ilmiy maktabining ta’sir doirasi nafaqat Usmoniylar saltanati, balki Janubiy Osiyoni ham qamrab olganini ko‘rsatadi.
“Ziji Ko‘ragoniy”ning shuhrati asrlar osha Yevropaga ham yetib bordi. Uning qo‘lyozmalari dunyoning turli kutubxonalariga tarqaldi. 1648-yilda Oksfordda ingliz sharqshunosi Jon Grivz “Zij”ning bir qismini, xususan, geografik jadvallarni nashr ettirdi. Keyinchalik, boshqa yevropalik olimlar ham Ulug‘bekning yulduzlar katalogini o‘rganib, uning aniqligiga yuqori baho berdilar. 1917-yilda esa amerikalik olim E.B.Nobl Vashingtonda “Zij”ning tanqidiy nashrini amalga oshirdi. Bularning barchasi Ulug‘bek ilmiy merosining umumbashariy ahamiyatga ega ekanligini, uning nafaqat Sharq, balki G‘arb ilm-fani taraqqiyotida ham muhim o‘rin tutganini tasdiqlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Mirzo Ulug‘bek asos solgan Samarqand ilmiy maktabi bir mintaqaning ilmiy yutug‘i bo‘libgina qolmay, butun jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan global hodisadir. Uning merosi Ali Qushchi kabi shogirdlar orqali Usmoniylar saltanatiga, Savay Jay Singh kabi izdoshlar orqali Hindistonga va qo‘lyozmalar orqali Yevropaga tarqalib, insoniyatning ilmiy tafakkuri rivojida o‘chmas iz qoldirdi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA