Samarqand davlat universiteti: tarix va taʼlim
Bugungi kunda esa Ulugʻbek madrasayi oliyasi oʻrnida, uning vorisi sifatida Samarqand davlat universiteti faoliyat koʻrsatmoqda.
Sharq tamaddunida ikkinchi renessans deb tan olinadigan temuriylar hokimiyatining ilk davri Amir Temur zamonidayoq birgina Samarqandning oʻzida Muhammad Sulton madrasasi, Bibixonim madrasasi, Feruzshoh madrasasi, Idiku Temur madrasasi, Amir Shohmalik madrasasi, Qutbiddin Sadr kabi oʻnga yaqin madrasalar faoliyat koʻrsatgan.
Bu davrda yashagan mashhur tarixchi olim Ibn Arabshoh Idiku Temur madrasasida Sayyid Sharif Muhammad Jurjoniy va Shamsuddin Muhammad al Jazariy kabi mashhur olimlardan taʼlim olganligi haqida maʼlumotlar bor (Ibn Arabshoh. Ajoyib al maqdur fi tarixi Taymur). Manbalarda mashhur shoir Sayid Qosim Anvor 1428-yilda Samarqandga kelganida Amir Shohmalik madrasasida, Abdurahmon Jomiy esa 1436-1451-yillar Ulugʻbek madrasasi hujrasida, Xoja Ubaydulloh - Xoja Ahrori Vali esa 1427-1428-yillarda mavlono Qutbiddin sadr madrasasi hujrasida, Alisher Navoiy aʼlam ul-ulamo xoja Fazlulloh Abulaysiy xonaqohidan hujra olib yashaganligi, ilm olganligi maʼlum.
Amir Temur nabiralaridan, Sharq ilmini osmonlarga koʻtarib, yulduzlar hisob-kitobi bilan mashgʻul boʻlgan olim Ulugʻbek mirzo nafaqat, oʻzi ilm bilan shugʻullandi, balki boshqalarning ilmli boʻlishi, millatning taraqqiyoti uchun ham qaygʻurdiki, buni u qurdirgan madrasalar uzoq moziydan soʻzlab turibdi. Ulugʻbek mirzo madrasayi oliyasida Mavlono Muhammad Xavofiy, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosuddin Jamshid, Muʼiniddin Koshiy, Ali Qushchi, Xoja Xurdlar qatori Shayx Ahmad Taroziy ham mudarris boʻlib ishlagan boʻlishi mumkin. Chunki, “Funun ul-balogʻa”da shoir shunday fikrlarni beradi: “Azza va Jalla hamdidin va Rasul alayhissalom naʼtidin soʻng Shayx Ahmad bin Xudoydod Taroziy rafaʼallohu qadrahu fid-doraynkim, bu imoratning muhandisi va bu iboratning mudarrisidur (yaʼni, bu imorat – “Funun ul-balogʻa”, bu iborat – kitobda koʻtarilgan masala, sheʼriyat ilmining mudarrisidur –M.X.)”.
Yana bir mudarris Xoja Xurd haqida A.Navoiy “Majolis un-nafois”da “Samarqand taxtining yakqalama qozisi va “Ulugʻbek mirzo” madrasasining mudarrisidur. Bovujudi fazlu kamolu aql va donish hulyasi bila orastadur va bovujudi zuhdi taqvo, husni axloq zevari bila piyrostadur. Muncha mashogʻil va avoriz bila chun lutfi tabʼi gʻolibdur, nazm va insho va tarix va muammo fununida ham ishtigʻol koʻrguzur...”, - deb yozadi.
Bulardan anglashimiz mumkinki, madrasada adabiyot ilmi ham alohida fan sifatida talabalarga oʻrgatilgan. Hatto tahsil uchun Samarqandga kelgan Abdurahmon Jomiy ham bu yerda maʼlum vaqt mudarrislik qilganligi haqida maʼlumotlar uchraydi.
Mavlono Jomiy tahsilini “Hirotdagi “Nizomiya” va “Dilkash” madrasalarida davom ettiradi. Bu madrasalarda u zamonasining eng donishmand allomalaridan boʻlgan Saʼdiddin Taftazoniyning (1322-1389) shogirdi mavlono Shamsiddin Muhammad Jojarmiy hamda Mir Sayid Sharif Jurjoniyning (1339-1413) shogirdi mavlono Alouddin Xoja Ali Samarqandiylardan taʼlim olib, har sohada yetuk boʻlib talabchan ustozlarining maqtovlariga sazovor boʻladi.
Shunday boʻlsa-da, qoʻlga kiritgan bilimlar bilan qanoatlanib qolmay, oʻsha vaqtlarda dovrugʻi Sharqda taralgan Ulugʻbek mirzo madrasai oliyasida taʼlimni davom ettirish uchun 1436-yilda Samarqandga keladi. Bu vaqtda alloma Qozizoda Rumiy (1360-1437-38), Gʻiyosiddin Jamshed (vaf.1436), Ali Qushchi (1402-1474) va boshqalarning, aytishlaricha, Ulugʻbek mirzoning ham darslarini eshitishga muyassar boʻladi, aʼlam ul-ulamo Xoja Fazlulloh Samarqandiyning (vaf. taxm. 1470) suhbat va maslahatlaridan bahramand boʻlib, ustozlarning sevimli shogirdi va hammaslagiga aylanadi. Shuning uchun madrasani tugatgach, Ulugʻbek mirzo madrasai oliyasi mudarrisi sifatida 1452-yilgacha faoliyat koʻrsatadi.
Jomiy Naqshbandiya tariqatining buzurg murshidlaridan. Uning tariqatdagi ilk ustozi Saʼdiddin Qoshgʻariy, ikkinchisi Xoja Ahrori Valiy edi. Hayoti davomida Jomiy yetti marta safar qilganligi maʼlum. Shundan uchtasi Samarqandga qilgan safarlaridir.
U birinchi marta ilm olish uchun bu yerga kelgan boʻlsa, ikkinchi va uchinchi safarlarida piri murshid Xoja Ahrori Vali suhbatlariga yetishish uchun kelgan. “Majolis un-nafoyis”da Navoiy Mavlono Husayn Voizning oʻgʻli darveshvash va foniy sifat va dardmand sheva yigit Mavlono Safiyning ham Samarqandga Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror suhbatiga musharraf boʻlish uchun kelganligini yozgan.
Bu yerda tolibi ilmlarni oʻziga chorlagan pirlardan yana biri “Fiqhda Abu Hanifai soniy…, arabiyatda Ibn Hojib” (Navoiy fikri), Xondamir taʼbiri bilan aytganda “…fiqh va boshqa sohalardagi katta bilimi tufayli ikkinchi Abu Ali (ibn) Sino laqabini olgan, foydali ilmlar xazinasi boʻlmish janobi Xoja Fazlulloh Abullaysiy (Alloh uni rahmatiga olgan boʻlsin)” edi. Xondamir Alisher Navoiy Fazlulloh Abullaysiy xonaqohidan hujra olib joylashgani va munosib ilm olganini yozadi. Navoiyning oʻzi ham “Majolis”da “Faqir ikki yil alarning qoshida sabaq oʻqub erdim, ancha iltifotlari bor erdikim, “farzand” der erdilar. Bovujudkim, Samarqandning aʼlami ulamosi erdi…”, - deb yozgan.
Alisher Navoiy asarlariga nazar tashlasak, oʻzi Samarqandda yashab turgan vaqtda bu yerda mavjud boʻlgan koʻpgina madrasalarni koʻrgan, u madrasalardagi qobiliyatli tolibi ilmlar bilan ham tanishgan. Shuning natijasida Alisher Navoiy Ulugʻbek madrasasining mudarrislaridan Aʼloyi Shoshiy, mirzo Ulugʻbek va Qozizoda Rumiylar taʼlimini olgan Muhammad Olim Samarqandiy, mavlono Xoja Xurdlardan ham saboq olgan; Ahmad Hojibek Vafoiy qurdirgan madrasa, mavlono Qutbiddin sadr madrasasi, Amir Shohmalik madrasasi, Firuzshoh madrasasi, Bibixonim madrasalarida taʼlim oluvchi tolibi ilmlar bilan tanishgan, ularning ilmiy bahslarida qatnashgan. Alisher Navoiy keyinchalik yozgan asarlarida Samarqand va samarqandliklarni oʻzgacha mehr va iftixor bilan tilga oladi.
Samarqand keyingi asrlarda ham oliy oʻquv maskani sifatida tolibi ilmlarni oʻziga chorlab keldi. Tarixchi olim I.Bekjonning Mutribiy hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan maqolasida XVI asr oxiri XVII asr boshlarida ham Samarqandda Madrasai oliyaiy Saroymulkxonim, Sulton Ulugʻbek, Amir Shohmalik, Xoʻja Ahror, Shayboniyxon, Abu Saidxon, Amirxon, Qozi Abdulgʻafur shahid, Muhammad Ali Darvesh Tarxon, Soqiy Zominiy, Madrasayi Xoʻrjin va yana boshqa madrasalar faoliyat koʻrsatganligi, adib ularda oʻlkaning oʻta bilimdon, malakali ustoz olimlari, Turkiya, Yeron, Ozarboyjon, Afgʻonistondan kelgan allomalar aniq, tabiiy, diniy va gumanitar fanlardan davomli darslar berganini yozadi…
I.Bekjonning ayniqsa, Ulugʻbek madrasasi devorida oʻz oʻqi atrofida “xuddi osmonga otilib, yana yerga qaytib tushayotgan koptokdek aylanuvchi yer kurrasi” va undagi jugʻrofiy kengliklar, shaharu oʻlkalar nomi yozilgan xarita haqidagi maʼlumoti juda ahamiyatli. Olim Mutribiy tazkiralariga asoslanib Taftazoniyning “Mutavval” kitobi asosida ilmi maoniy, ilmi bayon, ilmi badeʼ sohalarini bir necha yil davomida oʻsha davrning zabardast olimi Ismatullo Oxunddan, haqiqiya va ilohiyani Samarqanddagi Abu Saidxon madrasasida Nazriy Badaxshoniydan, adabiyotga oid bilimni Amir Shohmalik madrasasida mavlono Qosim Rumiydan, Qurʼonga doir baʼzi ilmlarni Hofiz Muhammad Amindan, ilmi siyoq (hisob-kitob) sohasini asli hirotlik, lekin Samarqandda turgʻun boʻlib qolgan Gʻaribiy Heraviydan oʻrganganligini, yoshligida esa Buxoroda Yerondan kelgan va “Mulloi nav” laqabi bilan tanilgan faylasuf olim Mirzojon Sheroziyning ommaviy dars va bahs-munozaralarida qatnashganligini yozgan. Bu fikrlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, oʻsha davrlarda ayrim madrasalar institut maqomida maʼlum ixtisoslikka asoslangan taʼlim ham joriy etgan.
Mutribiy zamonasida Amir Temur maqbarasi va Registon atrofi ulanib ketgan binolardan iborat boʻlgan koʻrinadi. Chunki Mutribiy maqbaraga ulab qurilgan masjid va unga yondosh bir hovli sahnli maydon keladi va hovli maydonining chap tomonida bitta yeshik va bir dahliz koʻrinadi. Ular orqali ichkari kirilsa, Sulton Ulugʻbek Koʻragon bino qildirgan madrasaga duch kelinadi,- deb xabar bergan.
Maqola orqali Ulugʻbek madrasayi oliyasining tashqi koʻrinishi, meʼmoriy xususiyatlari va atrof tabiati haqida ham quyidagi maʼlumotlarni bilishimiz mumkin: “Madrasa toʻrt toqni oʻz ichiga olgan ikki oshiyonalik boʻlib, toqlarning hammasi koshinli va naqshlar bilan bezatilgan, toqlardagi yozuvlar orqali “Inno fatahno”, “Aʼmma” va “Taborak” suralarini bitganlar. Shu ikki qavatda oltmishga yaqin hujra joylashgan.
Va maydon sahnining har ikki tarafiga ikki oliy gunbaz qurganlar, bu gunbazlar ostida chigʻatoy podshohzodalarining goʻrxonalari bor. Maydonning oʻng tomonida darvoza oʻrnatilgan. Daxmaga qarashli oshxona joylashgan bir gumbaz ichida yesa hujralar va bu oshxonada katta bir qozon boʻlgan. Har kun unda faqirlar hamda mazkur daxmaning mujovir (xizmatchi)lari va shu yerdagi madrasa talabalari uchun ovqat tayyorlaganlar.
XIX asrda Samarqandning qadim tarixi, joʻgʻrofiyasi, tabiiy koʻrinishi, eski ahvoli haqida samarqandlik qozi Abu Tohirxoja tomonidan yaratilgan “Samariya” asarida ham oʻnlab madrasa sanalgan. Shulardan Ulugʻbek madrasasi, Shayboniyxon madrasasi, Sayid Ahmadxoja madrasasi, Sherdor va Tillakoriy madrasalari, Hazrati Xoja Ahror madrasasi, Oliy madrasa, Qozi Gʻafur madrasasi, Nodir Muhammad devonbegi madrasalarida oʻsha vaqtda oʻqish boʻlayotganligi haqida yozib qoldirgan.
Ulugʻbek madrasayi oliyasi XX asrning 20-yillarigacha oliy taʼlim dargohi sifatida faoliyat koʻrsatgan. Tarixchi olim F.Shamukaramovaning yozishicha sharqshunos olim V.L.Vyatkin 1916-yilning yanvarida Samarqand viloyati Harbiy guberatoriga Ulugʻbek mirzo madrasasining binosi yomon ahvolda ekanligi xususida raport yozgan. Mazkur raportning mazmunidan shu maʼlum boʻladiki, 1916-yildayoq Ulugʻbek mirzo madrasasining shimoli-sharqiy minorasi qulab ketishi ehtimoli mavjud boʻlgan...busiz ham 1870-yilda madrasaning toʻrt minorasidan biri, keyinchalik boshqasi qulab tushgan edi.
F.Shamukaramova ish jarayonlari 1918-1932-yillar davomida bajarilib, u muvafaqqiyatli amalga oshirildi, deb xabar beradi. Katta ehtimol bilan madrasayi oliyaning faoliyati shu sababli cheklangan boʻlishi va bu yerdagi taʼlim jarayoni madrasaga yondosh boshqa madrasalarda davom etgan boʻlishi mumkin.
Bugungi kunda esa Ulugʻbek madrasayi oliyasi oʻrnida, uning vorisi sifatida Samarqand davlat universiteti faoliyat koʻrsatmoqda. Akademik Boturxon Valixoʻjayev madrasai oliyani bitirganlarga dars oʻtish uchun ijozatnoma – diplom berilganligi, ana shunday “diplom”lardan biri Qozizoda Rumiy imzosi ostida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotganligi haqida maʼlumot bergan.
Eng asosiysi, mazkur madrasai oliyani bitirganlik haqidagi hujjat – “diplom” faqat Movarounnahrdagina emas, balki, Xuroson va boshqa davlatlarda ham eʼtirof etilgan. Bu esa Ulugʻbek mirzo madrasai oliyasining oʻz davridagi maqomi naqadar yuksak boʻlganligidan guvohlik beradi. Bizning faoliyatimizning keyingi bosqichlarida universitetimizni ana shu darajadagi xalqaro universitetga aylantirish, olam ilm toliblarini bu yerga chorlash va jahon standartlariga mos sifatli taʼlim beruvchi markazni qayta tiklashdan, bir soʻz bilan aytganda uchinchi renessansga hissa qoʻshishdan iborat boʻladi.
Mashxura Xasanova,
Samarqand davlat universiteti oʻqituvchisi