Samarqand bodringlari Qozogʻistonga eksport qilinadi
Samarqand shahridagi “Fuzaylova Gulchehra Niyozovna” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Xishrav qoʻrgʻonida tashkil etilgan issiqxonasida yetishtirilgan bodring Qozogʻistonga eksport qilinadi.
Samarqand shahridagi “Fuzaylova Gulchehra Niyozovna” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Xishrav qoʻrgʻonida tashkil etilgan issiqxonasida yetishtirilgan bodring Qozogʻistonga eksport qilinadi.

Jamiyatga tegishli umumiy yer maydoni 15 gektar boʻlib, ayni paytda belgilangan loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirildi. 1 gektar maydonda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida issiqxona tashkil etildi. Dastlabki hosilning 30 foizi mahalliy bozorga, 70 foizi Qozogʻiston Respublikasiga eksport qilinishi rejalashtirilgan.

– Loyiha boʻyicha 10 gektar maydonda gidroponika usulida issiqxona barpo etishni rejalashtirganmiz, – deydi “Fuzaylova Gulchehra Niyozovna” MCHJ rahbari Ismoil Mahmudov. – Shuningdek, mahsulotni saqlash uchun 1 gektar maydonda muzlatgich omborxona tashkil qilish moʻljallangan. Keyinchalik 2 gektar yerda yetishtirilgan mahsulotlarimizni qayta ishlash uchun konserva sexi qurishni maqsad qilganmiz. Ayni paytgacha amalga oshirilgan ishlarni oʻz mablagʻimiz hisobidan bajardik. Loyihaning qolgan qismini Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (MAR) tomonidan viloyatimizga ajratilgan kredit mablagʻlari hisobidan olinadigan 12 million AQSH dollari evaziga amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

12 kishi ish bilan band boʻlgan “Fuzaylova Gulchehra Niyozovna” MCHJda belgilangan loyihalar 2019 yilda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Loyiha toʻliq bajarilgach, 150 yangi ish oʻrni yaratiladi.