"Samarkand Open" I xalqaro turniri yakunlandi
Samarqand shahridagi muz saroyida taekvondo WT bo‘yicha "Samarkand Open" I xalqaro turnirida Rossiya, Finlyandiya, Bahrayn, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan 1000 nafardan ortiq taekvondochilar o‘zaro raqobatlashdi.
Musobaqaning so‘nggi kunida o‘smirlar va katta yosh toifasidagi bahslar o‘tkazildi. O‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Murod Nafasov, Dilmurod Ma’rufjonov, Mixail Li, Mirdiyor Mirayimov, Shohjahon Ahmedov, Valeriya Xegay, Rabboniya Ruslanova, Shabbona Abduvaliyeva kabi taekvondochilarimiz shohsupaga ko‘tarildi.

Kattalar orasida esa Jahongir Xudoyberdiyev, Javlon Hakimov, Shohjahon Karimboyev va Timur Nagimov, Gulshanoy Ismoilova, Munira Salayeva, Afro‘za Sattorova hamda Saodatbegim Aliyeva mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi.
– Bu kabi musobaqalar biz sportchilarga o‘z mahoratimizni yanada oshirish va tajriba to‘plashimizga keng imkoniyat beradi, – deydi "Samarkand Open" I xalqaro turniri kumush medali sohibasi Afro‘za Sattorova. – Turnirda sovrindor bo‘lganimdan xursandman. Bu uchun murabbiyim Obid Abdurahmonovga minnatdorlik bildiraman. Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiada o‘yinlarida g‘olib bo‘lishni niyat qildim hamda bu maqsadim yo‘lida barcha mashaqqatlardan mardonavor o‘tishga tayyorman.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA