“Samarkand Half Marathon” mablag‘lari imkoniyati cheklanganlarga tifloizoh yaratishga sarflanadi
Marafonda tajribali va havaskor yuguruvchilar ishtirok etishi rejalashtirilyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida joriy yilning 1-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya marafoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari O.Qosimov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari S.Mirziyoeva so‘zga chiqdi. Anjumanda bunday keng miqyosdagi tadbir O‘zbekistonda ilk marta tashkil etilayotgani, unga Rossiya, Gruziya va boshqa davlatlardan mutaxassislarning jalb qilinishi xalqlarimiz hamkorligini kuchaytirishi qayd etildi.
Ushbu loyiha madaniyat va san’at ob’ektlaridagi inklyuzivlik masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda mamlakatda sport turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Marafonda tajribali va havaskor yuguruvchilar ishtirok etishi rejalashtirilyapti. Unda ishtirokchilar 21, 10 va 2 kilometr masofaga yugurib o‘zaro kuch sinashishlari mumkin.
Ma’lum qilishlaricha, yugurish xayriya marafoni keng ko‘lamdagi madaniy dastur va esda qolarli tadbirlarga boy bo‘lishi kutilyapti. Inklyuziv mavzularga bag‘ishlangan ta’lim tadbirlari, bolalar va kattalar uchun ma’ruzalar hamda mahorat darslari, sport haqida hujjatli film namoyishi, mahalliy estrada yulduzlari hamda Finlyandiya, Germaniya, Turkiya va Rossiyadan tashrif buyurgan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Marafondan tushgan barcha mablag‘lar Toshkent shahridagi teatrlardan birida tifloizoh (audiodeskripsiya) yordamida sahna asarlari namoyish etiladigan tajriba loyihasi amalga oshirilishiga yo‘naltirilishi ma’lum qilindi. Bu zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz tomoshabinlarga sahna asari haqida to‘liq tasavvur hosil qilishga imkon beradigan loyihadir.
Bunda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilarning madaniy muhit bilan tanishish imkoniyatlari kengayib, ijtimoiy moslashishlarida muhim omil bo‘ladi.
Yarim marafon Registon ansambli yonidan boshlanadi. Har bir masofa uchun belgilangan vaqt ichida yetib kelgan barcha ishtirokchilar esdalik medallarini, marafon futbolkasi va markali sumkani qo‘lga kiritadi. G‘oliblar uchun sovrin jamg‘armasi ta’sis etilgan. Mutlaq hisobda 1-o‘rindan 3-o‘ringacha bo‘lgan erkaklar va ayollar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Tadbir doirasida "Taktil muhit" ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Ko‘rgazmaga Nukusdagi Saviskiy nomidagi davlat tasviriy san’at muzeyi kolleksiyasidagi suratlarning qavariq ishlangan ko‘rinishlari qo‘yiladi. Ko‘zi ojiz yoki ko‘rish qobiliyati past insonlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan suratlarni ushlab his etishlari mumkin. Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan Registon ansamblining 3 d taktil modeli alohida o‘rin egallaydi. Madaniyat muassasalari va tadqiqot markazlarining ekspertlari ishtirokida "Madaniy obektlarda nogironlarni e’tiborga olish borasidagi xalqaro tajriba" mavzusidagi davra suhbati o‘tkaziladi.
Yarim marafondan tushgan mablag‘lar Toshkent teatrlaridan birida ko‘zi ojiz insonlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha eksperimental loyihani amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Ushbu dastur tifloizohlash yordamida teatr sahnasida pesa namoyish etilishini o‘z ichiga oladi.